Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2024-11-15 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Dastlab, kengash kotibi Nazokat Abduqunduzova ikki nafar kengash a’zosi o‘z ixtiyoriga ko‘ra kengashni tark etgan 2 nafar a’zosi o‘rniga yangi qo‘shilgan a’zolarni yig‘ilganlarga tanishtirdi.
Shundan keyin kun tartibiga ko‘ra kengashning o‘tgan uch oy davomidagi faoliyati tahlil qilindi. Hisobot davrida kengash a’zolari ishtirokida 3 ta oliygohda o‘rganish olib borilib, abituriyentlar va talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar tashkil etildi, shuningdek, vazirlik tomonidan tashkil etilgan Toshkent shahri va viloyatidagi qator oliy ta’lim muassasalari bo‘ylab press-turda 40 dan ortiq jurnalist, bloger, ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.
Press-tur davomida boshlanayotgan o‘quv yili uchun yangi barpo etilgan va joriy yilda foydalanishga topshirilishi reja qilingan hamda qurilayotgan talabalar turar joylari bilan tanishildi. Shu bilan birga ularda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga taklif va tavsiyalar berildi.
So‘ng Prezident tomonidan 2024-yil 26-avgustda imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–124-son farmonida jamoatchilik kengashlari faoliyatiga tegishli masalalarga to‘xtalindi.
Unga ko‘ra fuqarolik jamiyati institutlari orqali yechim topishi mumkin bo‘lgan, oliy va professional ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohalarida mavjud dolzarb ijtimoiy muammolar yechimiga qaratilgan loyihalar tanlovini o‘tkazishda jamoatchilik kengashi yaqindan ko‘maklashishi bildirildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida ta’lim muassasalarida korrupsion holatlarning oldini olish, ta’lim sifatini oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasidagi ishlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha fikr almashilib, sohadagi muammoli masalalar yechimiga qaratilgan takliflar bildirildi.