Nukus shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
2024-11-09 10:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Mana shunday tizimli yondashuv va ilmiy-amaliy tajribaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanishi ham bejiz emas. Mazkur yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha hududlardagi oliygohlar va texnikumlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’lim va innovatsiyalar orqali kuchaytirish uchun muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish, mamlakatimizda investitsion muhitni yanada yaxshilash, ekologiyani asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
7-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, yo‘qotishlarni kamaytirish borasida qator muhim chora-tadbirlar belgilandi. Joriy yilda, ayniqsa, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasiga oid yangi vazifalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilib, har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, suv muammolari ilmiy instituti va 9 ta texnikumni dual ta’lim asosida biriktirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu sa’y-harakatlar ostida, u yoki bu loyihaning har bir bosqichi ilmiy asosda tahlil qilinadi va jarayonlarni yanada samarali boshqarish uchun tavsiyalar hamda xulosalar ishlab chiqiladi.
Oliygoh va texnikumlarimiz o‘z hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi faolligi oshirishni ustuvor vazifa etib belgilab olishi kerak. Bunda 6 ta yo‘nalishga alohida e’tibor qaratiladi. Bular:
Birinchi yo‘nalish, “Hududlarni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy masalalariga oid kompleks tadbirlar”.
Ikkinchi yo‘nalish, “Innovatsion hududlarni rivojlantirishga oid tadbirlar”.
Uchinchi yo‘nalish, “Aholini ijtimoiy holatini yaxshilashga oid tadbirlar”.
To‘rtinchi yo‘nalish, “Yashil makon umummilliy loyihasiga oid tadbirlar”.
Beshinchi yo‘nalish, “Ilg‘or muhandis kadrlarni tayyorlashga oid tadbirlar”.
Oltinchi yo‘nalish, “Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi hamda texnologik parklar faoliyatiga oid tadbirlar”.