"Yangi taraqqiyot bosqichida maktab ta’limini rivojlantirish strategiyalari: chaqiriqlar, muammolar, tadqiqotlar va yechimlar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
2024-11-05 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
5-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’lim vazirliligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Menejment va zamonaviy texnologiyalar universiteti (UMFT) bilan hamkorlikda "Yangi taraqqiyot bosqichida maktab ta’limini rivojlantirish strategiyalari: chaqiriqlar, muammolar, tadqiqotlar va yechimlar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Xilola Umarova hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari qatnashib o‘z nutqlari bilan chiqish qildilar.
"Bugun mamlakatimizda ta’lim tizimining naqadar jadal suratlarda rivojlanib borayotgani hech birimizga sir emas. Maktab ta’limi yosh avlodning malakali mutaxassis sifatida shakllanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada jarayonlarni yanada rivojlantirish uchun maktab-professional ta’lim-oliy ta’lim tizimida uzviylik va uzluksizlikni takomillashtirishimiz zarur. Zero, jamiyatga ulkan foyda keltiradigan malakali mutaxassislar uchun maktablarda olingan bilim muhim poydevor vazifasini bajaradi. Ishonchim komilki, bugungi konferensiya davomida o‘tkazilgan muhokamalar bu borada yangi g‘oyalar uchun zamin yaratadi", – dedi Qoʻngʻirotboy Sharipov.
Konferensiyada Niderlandiyaning Groningen universiteti, Shanxayning YUNESKO O‘qituvchilarni tayyorlash markazi, Global New Energy akademiyasi, Singapur Nanyang texnologiya universiteti, Shanxayning Edtech kompaniyasi, Shanxaydagi Vellington kolleji, Ozarbayjon Me’morlik va texnologiyalar universiteti, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar va institutlardan 100 nafardan ortiq ekspertlar qatnashmoqda.
Shuningdek, mahalliy mutaxassislar sifatida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va professorlari hamda maktab direktorlari taqdimot qilish bilan birgalikda, muhokamalar olib borishmoqda.