Kasbiy taʼlim rivojida ilgʻor muhandislik maktablari bilan hamkorlik
2024-10-29 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasida 29-oktyabr kuni kasbiy taʼlim tizimi hamda ilgʻor muhandislik maktablariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.
Maʼruzada oliy va professional taʼlim muassasalarining rahbarlari, professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdilar.
Tadbirni Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi, akademik Salimov Oqil Umurzoqovich ochib berdi. Akademik O. Salimov oʻz nutqida mamlakatning iqtisodiy va ilmiy rivojlanishi uchun kasbiy taʼlimning oʻrni katta ekanligini taʼkidladi. U, shuningdek, jamgʻarma tomonidan yoshlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan bir qator dasturlar amalga oshirilayotgani, jumladan, ilgʻor muhandislik maktablari bilan hamkorlik qilish orqali ularni amaliy tajriba va ilgʻor texnologiyalar bilan tanishtirilayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov “Professional taʼlim tizimini modernizatsiya qilish” mavzusida maʼruza qildi. O. Mahkamov yagona kasbiy taʼlim tizimi, professional taʼlim muassasalarini optimallashtirish, taʼlim dasturlari uzviyligi, xalqaro dasturlarni joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi.
Turin politexnika universiteti rektori Olimjon Toʻychiyev esa oʻz maʼruzasida zamonaviy talablarga mos muhandis kadrlar tayyorlashga toʻxtalib, bugunning muhandislari innovatsiya, ijodkorlik va oʻzgarish orqali aholi xavfsizligi, sogʻligi, farovonligini taʼminlovchi mutaxassislar ekanligini misollar bilan tushuntirib berdi.
Zamonaviy yoʻnalishlardan biri — atrof-muhit muhandisligi yoʻnalishida Turin politexnika universitetida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtildi.