Noqonuniy ikkilamchi chiqindi savdosi bilan shug‘ullanganlarga chora ko‘rildi
2024-11-29 10:00:00 / Yangiliklar
Ma'lumot uchun, ayni damda Ekologiya vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatlarda ekologiyani yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish hamda oʻrmon xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanishni ta'minlashga doir o‘rganishlar davom etmoqda.
Reyd davomida Xiva shahrining "Qiyot" va "Gulshan-2" MFY hududlarida ikkilamchi chiqindi savdosi bilan bog‘liq bir qator noqonuniy holatlar aniqlandi. Jumladan, Ro‘zmat Otajonov ko‘chasida S.N. ismli fuqaro hamda Ibrat ko‘chasida O.O. ismli fuqaro tomonidan noqonuniy ikkilamchi chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etilgani ma'lum bo‘ldi.
Har ikki holat yuzasidan hech qanday tegishli hujjatlarsiz ikkilamchi chiqindilarni fuqarolardan xarid qilish va qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarga sotish bilan shug‘ullanayotgan huquqbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Fuqarolarning har biriga BHMning 3 baravari, ya'ni 1 million 125 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Shuningdek, mazkur fuqarolarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli Farmoniga ko‘ra, chiqindi shaxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilarni olish shu sohaga biriktirilgan mas'ul tashkilotlarning roziligi bilan va qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerakligi tushuntirildi.
Bu kabi reyd tadbirlari respublikamizning boshqa hududlarida ham davom ettirilmoqda.