Asosiy kontentga o'tish

"O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" DUK Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasiga rasman a’zo bo‘ldi

2025-04-11 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 11-aprel kuni "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida "O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" DUKga Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasiga (AICA) a’zolik sertifikatini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan Assambleya kun tartibida 5 ta muhim masalalar ilgari surildi. Ularning ichida – Sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqishdir. Ma’lumki, sun’iy intellekt bugungi raqamli davrda eng dolzarb va tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri bo‘lib, ayniqsa, aloqa tizimlarining samaradorligini oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, sun’iy intellekt texnologiyalarining telekommunikatsiya sohasida qo‘llanilishi bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini inobatga olib, undan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" Markaziy Osiyo sun’iy intellekt uyushmasiga a’zo bo‘ldi.

Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov tomonidan "O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" DUK direktori Ulug‘bek Shakirovga a’zolik sertifikati topshirildi.

Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekosning tabrik so‘zi bilan boshlandi.

U o‘zining kirish nutqida bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘magida axborot texnologiyalari, ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bilan bog‘liq sohalar jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.

Tadbirda Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ko‘rsatilayotgan sa’y-harakatlar va qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt sohasining rivojlanish dinamikasi, Assotsiatsiyaning kelgusi yillar uchun o‘z oldiga qo‘ygan dasturlari va maqsadlari, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat va xususiy kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni ta’kidladi.

Tadbirning faxriy mehmonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva, shuningdek, xususiy tashkilotlar va xalqaro kompaniyalar vakillari, Uyushma a’zolari, shuningdek, raqamli boshqaruv sohasidagi ekspertlar bo‘ldi.

Ushbu tadbirning asosiy maqsadi - a’zolikni rasman tasdiqlash hamda raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi mahalliy va mintaqaviy hamkorlik doirasida sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdan iborat. Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, bilim almashish va qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish uchun yetakchi tashkilotlar va ekspertlarni birlashtiradi.

Bugungi kunda Assotsiatsiyaga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat organlari, xususiy kompaniyalari va hamjamiyatlari vakillari a’zo hisoblanadi. “O‘zTTBRM” DUKning Uyushmaga a’zo bo‘lishi xalqaro muloqot, innovatsion ishlanmalar va sun’iy intellekt sohasida ilg‘or tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochilishiga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida Tomonlar tashkilotlarning tanishtiruv formatidagi taqdimotlarini o‘tkazdilar. “O‘zTTBRM” DUK vakillari tomonidan O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini kompleks avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi (KomABT) va Bank firibgarligiga qarshi kurash (Telecom Antifraud) kabi loyihalar bo‘yicha alohida taqdimotlar o‘tkazildi.

Kompleks ABT quyidagi modullarni o‘z ichiga oladi:

Fault Management moduli orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlarida avariyalarni avtomatik aniqlash va bartaraf etish orqali xizmat uzluksizligini ta’minlanadi, shuningdek, real vaqt rejimida tarmoqlarni monitoringini olib borib, tahlillar asosida aniq choralar ko‘riladi;

Performance Management moduli orqali mobil aloqa baza stansiyalarining sifat ko‘rsatkichlari, qo‘ng‘iroq va internetdagi uzilishlar aniqlanib, operatorlar bilan hamkorlikda bartaraf etish choralarini ko‘rish imkonini beradi;

Drive-test moduli orqali Maxsus avtomashina va ryukzaklarga joylangan qurilmalar yordamida xududlarda mobil aloqa tarmoqlaridagi signal sifati o‘lchanadi. Radiomonitoring natijalari asosida xizmat sifatlari baholanib, qamrov darajasi past bo‘lgan hududlarni aniqlab, joylardagi holatni takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Bank antifrodi (Telekom antifrodi) - Zamonaviy texnologiyalar banklar va ularning mijozlariga qulay moliyaviy vositalarni taqdim etmoqda, biroq shu bilan birga raqamli tahdidlar ham ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham butun dunyoda bo‘lgani kabi, bank frodi tobora murakkab va xilma-xil bo‘lib bormoqda, bu esa himoya usullarini doimiy ravishda takomillashtirishni talab etadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 36 ta tijorat banki va 44 ta to‘lov tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Chiqarilgan bank plastik kartalarining umumiy soni 63 millionga yetdi. Banklar o‘z mobil ilovalarini faol rivojlantirish bilan birga ularni takomillashtirish va funksional imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida tinimsiz harakat qilmoqda. Hozirning o‘zidayoq ularning ba’zilarida oddiy bank operatsiyalaridan tashqari, onlayn xarid qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlarga, temiryo‘l va aviachiptalarni sotib olish imkoniyatlari yaratilgan. Bank ilovalarining rivojlanishi va onlayn xizmatlar ko‘lamining kengayishi bilan bank kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ham ortib bormoqda.

Bu boradagi jinoyatchilikning o‘sishining oldini olish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligining “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK Markaziy bank va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Telecom Antifraud tizimini ishlab chiqdi va uni amaliyotga joriy etmoqda. Ushbu tizimdan foydalanish orqali bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik darajasini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tizim foydalanuvchining xatti-harakat omillarini, masalan, operatsiyalar chastotasi va geografiyasini, shuningdek, g‘ayritabiiy kirish urinishlarini tahlil qiladi. Agar shubhali harakatlar aniqlansa, Telecom Antifraud mijozning shaxsi tasdiqlanmaguncha qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishi yoki harakatni bloklashi mumkin.

Tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, Telecom Antifraud tizimining ishga tushirilishi bank firibgarligi darajasini 50-75 foizga kamaytiradi. Tizimni doimiy ravishda modernizatsiya qilish va sun’iy intellektdan foydalanish har bir ehtimoliy firibgarlik holatini hisobga olgan holda qonuniylikni tahlil qilish va aniqlash orqali moliyaviy kiberxavfsizlik sohasidagi yangi tahdidlarga tezkor moslashish imkonini beradi. Moliya muassasalari va huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvi tufayli Telecom Antifraud firibgarlar va ularning sxemalarini tezroq aniqlashga yordam beradi, bu esa moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashni yanada samarali va tezkorligini oshiradi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlagan holda, ushbu yo‘nalishda mintaqaning texnologik salohiyatini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ishonch bildirdilar.

286

Oxirgi yangilanish: 2025-04-11 18:01:50

"O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" DUK Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasiga rasman a’zo bo‘ldi