O‘zbekiston delegatsiyasi Concentrix kompaniyasi bilan uchrashib, mamlakatning hamkorlikni kengaytirish borasidagi salohiyatini namoyish etdi
2024-11-20 14:55:00 / Vazirlik yangiliklari
“Concentrix” — mijozlar tajribasi (CX) va texnologik yechimlar taqdim etishga ixtisoslashgan texnologiya va xizmatlar sohasidagi jahon yetakchisi hisoblanadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Nyuark shahrida joylashgan. “Concentrix” texnologiya, sog‘liqni saqlash, moliya va chakana savdo kabi sohalardagi yirik brendlarga xizmat ko‘rsatib, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, texnik yordam, IT-xizmatlar, savdo, shuningdek, raqamli transformatsiya va marketing bo‘yicha keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi.
2024-yil 6-sentyabr kuni IT Park bosh direktori boshchiligidagi delegatsiya kompaniyaning Turkiyadagi ofisida “Concentrix” vakillari bilan uchrashdi va unda tomonlar O‘zbekistonning kadrlar salohiyati muhokama qilishdi.
Vazir Shermatov bilan so‘nggi uchrashuvda “Concentrix” kompaniyasini xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Mark Kandiyoti va Yaqin Sharq hamda Turkiya bo‘yicha vitse-prezident Metin Tarakchi taqdim etdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi “Concentrix” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash va sanalarni kelishib olishdan iborat edi.
O‘zbekistonning ko‘p tilli iste’dodlar zaxirasiga alohida e’tibor qaratildi, bunda ko‘plab mutaxassislar ingliz, nemis, koreys va boshqa xorijiy tillarni mukammal bilishi ta’kidlandi. “Concentrix” kompaniyasi nemis tilida so‘zlashuvchi mutaxassislarni jalb qilishga katta qiziqish bildirdi. Bu esa kompaniyaning IT-xizmatlar sohasidagi faoliyatini kengaytirish va xalqaro mijozlarni jalb qilish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Vazir Shermatov O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan, AQSh, Yevropa va MDH mamlakatlari bozorlarida o‘z xizmatlarini ko‘rsatayotgan xalqaro IT-kompaniyalarning muvaffaqiyatli tajribalariga to‘xtalib o‘tdi. “Concentrix” vakillari O‘zbekistonda biznesni kengaytirish strategiyalarini yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdilar.
“Concentrix” kabi yetakchi xalqaro kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi mamlakatning rivojlanayotgan IT-hab sifatidagi mavqeyini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishi mamlakatning raqobatbardoshligi va uning texnologiya hamda autsorsing kompaniyalari uchun jozibadorligini tasdiqlaydi, raqamli iqtisodiyotning jadal o‘sishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shadi.