Toshkentda “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS 2024” xalqaro sammiti bo‘lib o‘tmoqda
2024-10-09 12:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniya, 120dan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun: Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning tartibga soluvchi organlari va xalqaro tashkilotlar - Xalqaro elektraloqa ittifoqi, FIRST, SABABA qatnashmoqda.
“CSS-2024” kiberxavfsizlik konferensiyasining asosiy maqsadi – mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, eng muhimi, o‘zaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iborat.
Ushbu Xalqaro sammitda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Vazir nutqi davomida O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, kiberxavfsizlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlar haqida gapirdi. Vazir texnologik rivojlanishlar, jumladan, davlat idoralarining raqamlashtirilishi va aholi uchun onlayn xizmatlarning kengaytirilishi bilan birga ularga bo‘ladigan kiberxavfsizlik xavf-xatarlarini ham oldini olish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, vazir bu kabi tadbirlar kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
“CSS-2024” ikki kunlik tadbir boʻlib, dastlabki kun tartibidan Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan kelgan malakali ekspertlari sohaning hozirgi holati hamda undagi muammolarning samarali yechimi haqida fikr yuritadi.
Konferensiya dasturi doirasida yalpi muhokamalar, taqdimot sessiyalari, ko‘rgazma maydoni va bir qator qiziqarli tarmoq tadbirlariga to‘la bo‘lib, barcha ishtirokchilarga texnologiyalar va yechimlarni samarali va foydali tarzda namoyish etish hamda yangi biznes aloqalarini yaratish imkonini beradi.
Sammitning yuqori darajali qaror qabul qiluvchilar, kiberxavfsizlik bo'yicha ekspertlari auditoriyasi dinamik global xavfxatar manzarasini va mintaqa mamlakatlariga raqamlashtirish orqali taqdim etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan to'liq foydalanishda qanday yordam berishi mumkinligini o'rganadi.
Konferensiyaning umumiy mavzusi raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar va hamkorlik, muhim infratuzilma va biznes aktivlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu yilgi konferensiyada 60 ga yaqin ma’ruzachilar o‘z kompaniyalari va takliflarini taqdim etadilar.
Bugun, shuningdek, tadbir doirasida “Cyberkent 2.0” hamda CTF musobaqalariga ham start berildi. Shu bilan birga, “Cyberkent 2.0” respublika musobaqasi doirasida “Workshop” seminar-treningi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ushbu seminar-treningda Siz kiberxavfsizlik sohasidagi malakali mutaxassislar bilan jonli muloqot qilish bilan birgalikda, undagi ishtirokingiz kiberxavfsizlik sohasidagi karerangizning debochasi bo‘lishi mumkin.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarimiz ushbu yo‘nalishdan birida o‘z omadini sinashi, iqtidorli ishtirokchilarni saralab olish hamda o‘z kelajagini qurayotgan yoshlarga yaqindan ko‘mak berishdan iborat.