#Live: Boshchorbog‘ mahallasida 4,4 kilometr yo‘l asfaltlashtirilmoqda
2026-11-25 18:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ–49-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan “Og‘ir mahalla” dasturi asosida Dehqonobod tumanining Boshchorbog‘ mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik va infratuzilma ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda mahallaning 4 kilometr 400 metr uzunlikdagi asosiy yo‘llariga asfalt qoplamasi yotqizilmoqda. Ushbu ishlar natijasida mahalla ichki yo‘llarining holati yaxshilanib, aholi va transport vositalari harakati uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Shuningdek, mahallada eski ko‘prik o‘rnida yangi, zamonaviy va mustahkam ko‘prik qurilishi yakuniy bosqichga yetgan. Hozirda qurilishning so‘nggi ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ko‘prik Boshchorbog‘ mahallasini tuman markazi hamda qo‘shni Chashmamiron mahallasi bilan bog‘lab, transport va piyodalar qatnovini yanada qulaylashtiradi.
Bundan tashqari, hududda elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida eskirgan elektr simyog‘ochlari yangilariga almashtirilib, jami 3,1 kilometr elektr tarmog‘i yangilandi.
Mahallada amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari aholi tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinmoqda. Boshchorbog‘lik nuroniylar va fuqarolar yaratilayotgan sharoitlar, hududlarni obod qilishga qaratilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va osoyishtaligini so‘rab duolar qilishmoqda.
Mazkur loyihalar yakuniga yetkazilishi bilan Boshchorbog‘ mahallasining transport va muhandislik infratuzilmasi yanada yaxshilanib, aholining kundalik hayotida muhim qulayliklar yaratiladi.
Kanalga ulanish: @Dehqonobodpress








