Bir guruh fuqarolarga sug‘orish suv nasoslari subsidiya asosida topshirildi
2026-10-06 19:30:00 / Yangiliklar

Dehqonobod tumanida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadlarini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar har bir xonadonning sharoiti, imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda individual va manzilli yondashuv asosida olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, shuningdek, 9-sentabr kuni hududlarda aholi bandligi va daromadlarini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tumanda yanada kuchaytirildi.
Shu asosda tumanning 18 ta mahallasida — O‘zbekiston, Xo‘jamahmud, Zavqiy, Qizilcha, Obod, Tog‘aytemir, Farovon, Chuchuquduq, Kaltaminor, Qodir Baxshi Rahimov, Oqirtma, Paxtachi, Torqopchug‘ay, Qo‘rg‘ontosh, Yangihayot, Ayridevol, Bibiqorasoch va Gumbuloq mahallalarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy reyestrga kiritilgan 67 nafar kam ta’minlangan fuqaroga sug‘orish suv nasoslari subsidiya asosida topshirildi.
Mazkur sug‘orish suv nasoslari Dehqonobod tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqarolarga subsidiya asosida topshirildi.
Ushbu amaliy yordam orqali aholining mavjud tomorqa yerlaridan samarali foydalanishi, suv ta’minoti bilan bog‘liq imkoniyatlarini kengaytirishi va xonadon daromadlarini oshirishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Xususan, suv nasoslaridan daryo, ariq va artezian quduqlaridan tomorqa yerlariga suv chiqarishda foydalanish, ekin maydonlaridan unumli foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qo‘shimcha daromad manbaini yaratish imkoniyati kengayadi.
Bu kabi manzilli ko‘maklar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning faqat bugungi ehtiyojlarini qoplash emas, balki ularning o‘z imkoniyatlari asosida barqaror daromad topishi, tomorqasidan unumli foydalanishi va oilaviy farovonligini oshirishiga sharoit yaratish maqsad qilinmoqda.
Mazkur ishlar tumanda kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirishda har bir xonadon bilan individual ishlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va aniq natijaga yo‘naltirilgan yondashuv izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatadi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress




