Dehqonobodda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi
2026-10-07 14:30:00 / Yangiliklar

Dehqonobod tumanida turli avlod vakillari o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni mustahkamlash, boy hayotiy tajribani yosh avlodga yetkazish, milliy qadriyatlar va ezgu an’analarni davom ettirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda nuroniylar, o‘rta avlod vakillari hamda faol va tashabbuskor yoshlar ishtirok etdi.
Samimiy muloqot davomida avlodlar o‘rtasidagi uzviylik, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda kelajak avlod oldidagi mas’uliyat haqida fikr almashildi.
Nuroniylar o‘zlarining hayotiy tajribasi, bosib o‘tgan yo‘llari, mehnat va sabr bilan erishilgan yutuqlari, shuningdek, o‘tgan davrlardagi turli qiyinchiliklar haqida yoshlarga so‘zlab berdilar. Bugungi avlod uchun odatiy bo‘lib borayotgan tinchlik, osoyishtalik, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish va o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarining qadriga yetish zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi dorilomon kunlar o‘z-o‘zidan shakllanmagan. Uni asrab-avaylash, tinchlik va barqarorlikni qadrlash, ajdodlardan qolgan boy tajriba va qadriyatlarni kelgusi avlodga yetkazish har bir insonning mas’uliyatli vazifasidir. Ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, bilim va mehnat orqali Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, yoshlar ham o‘zlarining ezgu maqsadlari, tashabbuslari va kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab, nuroniylarning hayotiy tajribasi va tavsiyalari ular uchun muhim hayot maktabi ekanini ta’kidladilar.
Uchrashuvda ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik va insoniy qadriyatlarni avloddan-avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida jamiyat hayotida faol ishtirok etib, o‘zining ibratli hayot yo‘li va mehnati bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh nuroniylar hamda o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan faol va tashabbuskor yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Uch avlod uchrashuvi” turli avlod vakillarini bir davrada birlashtirib, kecha tajribasi, bugungi imkoniyatlar va kelajak mas’uliyatini mushtarak maqsad atrofida uyg‘unlashtirgan mazmunli muloqot bo‘ldi.
Avlodlar davomiyligi — hayot tajribasi, ezgu qadriyatlar va kelajak ishonchining mustahkam ko‘prigidir.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress






