MUROJAAT Assalomu alaykum, hurmatli Dehqonobod tumani fuqarolari va tumanimizga tashrif buyurgan mehmonlar!
2026-10-05 09:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning joriy yil 5-yanvar kuni “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2-sonli qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar orqali manzilli bartaraf etish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Dehqonobod tumanida mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi, tuman Qo‘riqlash bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlandi.
Shuningdek, ilmiy-amaliy yondashuvlar va tahlillar asosida 2026-yilning 9 oyi davomida tumandagi 51 ta mahallada xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, qolaversa, o‘tgan 2025-yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning samarali tizimini shakllantirishga qaratilgan rejalar belgilab olinib, tuman va mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi hamda ijro uchun mas’ullar belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-martdagi “Respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-111-sonli qarori ijrosi bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida jami 233 (144) ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 89 taga oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 35 tani tashkil etib, ularning 24 tasi mahalla hududida sodir etiladigan jinoyatlar hisoblanadi.
Aniqlangan jinoyatlar 47 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4 taga yoki 9,3 foizga ko‘p aniqlangan.
Umuman aytganda, 2026-yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha “qizil” toifadagi 3 ta mahalla mavjud.
Muhtaram Yurtboshimizning 1-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarimiz natijasida joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar toifasida bo‘lgan “Oydin yo‘li” mahallasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘ining kamayishiga erishilib, uni “sariq” toifaga o‘tkazishga erishilmoqda.
Tumandagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 6 ta mahalla, ya’ni Gumbuloq, Sarchashma, O‘zbekiston, Farovon, Istiqlol va Torqopchig‘oy mahallalariga tumandagi mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Shu bilan birga, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar “mahalla yettiligi”ga taqdim etilishi natijasida bugungi kunga qadar 6 072 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib, ijobiy hal etildi va qo‘shma xulosalar tuzildi.
Bundan tashqari, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 112 nafar shaxs tomonidan kelgusida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 43 nafari belgilangan tartibda majburiy davolanish uchun viloyat narkologiya shifoxonasiga yotqizilishi ta’minlandi.
Tumandagi huquq-tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari natijasida 282 dan ziyod xonadon va 92 ta savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan texnik qo‘riqlovga olinishiga erishildi.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish yo‘laklari oldiga 6 ta “Tashvish tugmasi” ham o‘rnatildi.
Shu o‘rinda siz, aziz fuqarolardan, kelgusida o‘g‘rilik va boshqa turdagi jinoyatlarning oldini olish, shuningdek, o‘z xonadonlaringiz hamda boshqa mol-mulklaringiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman Qo‘riqlash bo‘limining texnik qo‘riqlov pultiga ulanishni tavsiya etaman.
Bugungi kunda texnik qo‘riqlash obyektiga ulangan barcha turdagi obyektlardan kelib tushadigan chaqiruvlarga Qo‘riqlash xizmatining maxsus avtopatrul guruhi xodimlari qisqa vaqt ichida, ya’ni 3–5 daqiqa oralig‘ida yetib borishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tumandagi mahallalarda, jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish bo‘yicha mahallalarning kirish-chiqish joylari, ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, bozorlar hamda maktablarga jami 186 ta zamonaviy videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi.
Hurmatli fuqarolar!
Huquq-tartibot va boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim turdagi jinoyatlar salmog‘i oshganligini ham kuzatishimiz mumkin.
Birgina misol tariqasida, joriy yilning 9 oyi davomida qayd etilgan jami jinoyatlarning 151 tasi yoki 64,8 foizini axborot texnologiyalari vositasida, ya’ni sodda qilib aytganda, kiber makonda sodir etilgan jinoyatlar tashkil etishini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu jinoyatlarning sodir etilish sabablari va omillarini tahlil qilganimizda, fuqarolarimiz oson va mo‘may daromad orttirish maqsadida internetdagi “moddiy yordam”, “onlayn kredit”, “yutuqli o‘yin g‘olibi” kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havolalarga kirishlari, telefon qo‘ng‘iroqlarida o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirgan notanish shaxsga SMS-kodni berishlari yoki onlayn do‘konlar orqali “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida firibgarlar tuzog‘iga tushishlari oqibatida bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Ushbu murojaatim orqali siz, aziz fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlar hamda elektron pochta manzillari orqali yuborilgan shubhali havolalarga kirmaslikni, onlayn do‘konlar orqali mahsulotni qabul qilmasdan yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun oldindan to‘lovni amalga oshirmaslikni, shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga taqdim etmaslikni va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni so‘rab qolaman.
Bundan tashqari, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 9 oy davomida sodir etilgan 14 ta o‘g‘rilik jinoyatining 10 tasini chorva o‘g‘riligi tashkil etmoqda.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan qarovsiz qolayotgan xonadonlarini Qo‘riqlash bo‘limining qo‘riqlash pultiga ulatish yoki kuzatuv kameralari o‘rnatish choralarini ko‘rish, yirik va mayda shoxli chorva mollarini, avtotransport vositalarini qarovsiz va ochiq holda tashlab ketmaslik, telefon va qimmatbaho buyumlarini olib yurishda loqayd bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Bu bilan Siz o‘z mulkingiz xavfsizligini ta’minlagan va jinoyatlarning oldini olishga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Murojaatim so‘nggida sizlarni ogohlikka chaqirgan holda, aholi xavfsizligiga turli xatarlar bo‘yicha, shuningdek, boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa, 102 qisqa raqami orqali yoki “ishonch telefonlari”imizga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Albatta, xabar berganlarning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
Hurmat bilan,
Dehqonobod tumani IIB boshlig‘i,
podpolkovnik Ibrohim Namozov.
