Dehqonobodda 35 nafar “Istiqlol farzandi”ning sunnat to‘yi nishonlandi
2026-08-25 15:20:00 / Yangiliklar

🇺🇿 Dehqonobodda 35 nafar “Istiqlol farzandi”ning sunnat to‘yi nishonlandi
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Dehqonobod tumanida xalqimizga bayramona kayfiyat ulashuvchi, ezgulik, mehr-oqibat va saxovatni tarannum etuvchi xayrli tadbirlar davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida Dehqonobod tumani hokimligi tashabbusi va saxovatpesha tadbirkor Jasur Jo‘rayev homiyligida 35 nafar “Istiqlol farzandi”ning sunnat to‘ylari birgalikda nishonlab berildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi ostida tashkil etilgan marosim milliy qadriyatlarimiz va ezgu an’analarimizga mos tarzda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Tadbir davomida bolajonlar va mehmonlar uchun bayramona dastur namoyish etildi. Estradamizning taniqli vakili Zarifjon Safarov hamda vohamizning xushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.
Marosimda Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari Sardor Mahmudov ishtirok etib, barcha bolajonlar va ularning ota-onalarini Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi. Shuningdek, ushbu xayrli tadbirni tashkil etishda homiylik qilgan tadbirkor Jasur Jo‘rayevga tuman hokimligi nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Farzandlarining sunnat to‘yi shu tarzda keng nishonlanayotganidan mamnun bo‘lgan ota-onalar ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni yuksak qadrlab, tashkilotchilar va homiylarga minnatdorlik bildirdilar.
— Farzandlarimizning bugungi quvonchini ko‘rib, biz ham nihoyatda xursand bo‘ldik. Bunday ezgu tadbirlar oilalarning quvonchiga quvonch qo‘shib, mehr-oqibat va hamjihatligimizni yanada mustahkamlaydi. Buning uchun Prezidentimizga, tashabbuskorlar va homiylarga minnatdorlik bildiramiz, — deydi to‘y bolalaridan birining onasi.
Tadbir yakunida 35 nafar bolajonga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularga sog‘lom va baxtli ulg‘ayishlari, Vatanga munosib farzand bo‘lib voyaga yetishlari tilaklari bildirildi.
🇺🇿 Quvonarlisi, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida o‘tkazilgan ushbu ezgu tadbir 35 nafar “Istiqlol farzandi” va ularning oilalari uchun unutilmas bayram xotirasiga aylandi.
Bunday xayrli tashabbuslar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat, hamjihatlik va insonparvarlik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress








