Foto: Olis hudud aholisi murojaatlari va salomatligi joyida o‘rganildi
2026-08-12 20:05:00 / Yangiliklar

Foto: Olis hudud aholisi murojaatlari va salomatligi joyida o‘rganildi
Qashqadaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan Dehqonobod tumanining olis hududlaridan biri — Boshchorbog‘ mahallasida Chashmamiron, Boshchorbog‘, Chilgaz va Sarchashma mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning murojaatlari, muammo va takliflarini joyida o‘rganishga qaratilgan kompleks tadbir tashkil etildi.
Jumladan, Boshchorbog‘ mahallasidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida mazkur to‘rt mahalla aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi raisi Ismigul Xushmurodova, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Davlatmurod Ravshanov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Lola Saodatova, Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosarlari, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari hamda tegishli soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari bevosita tinglanib, har bir murojaat bo‘yicha imkon qadar joyida yechim topish, zarur hollarda huquqiy tushuntirish berish hamda tegishli tashkilot va idoralarga yo‘naltirish choralari ko‘rildi.
Qabul davomida fuqarolardan jami 67 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 19 tasi joyida hal etildi, 32 ta murojaat yuzasidan huquqiy ma’lumot berildi, 1 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berildi. Qolgan 14 ta murojaat tegishli tashkilot va idoralarga ijrosi nazoratga olingan holda ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirildi.
Aholining murojaatlarini o‘rganish bilan bir qatorda, mazkur to‘rt mahalla aholisi uchun Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-sonli Boshchorbog‘ oilaviy shifokorlik punktida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rikda Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan akusher-ginekolog, onkolog, kardiolog, nevropatolog, travmatolog va oftalmolog, tuman tibbiyot tizimidan esa terapevt, xirurg va ultratovush tekshiruvi (UTT) mutaxassislari ishtirok etdi. Shuningdek, aholiga tibbiy xizmatlarni qulay va manzilli ko‘rsatish maqsadida mobil tibbiy avtobuslardan foydalanildi.
Ko‘rik davomida jami 210 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 128 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlanib, ularga aniqlangan kasalliklar bo‘yicha tegishli davolash va tibbiy kuzatuv tavsiya etildi.
Jumladan, 8 nafar fuqaroga tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanish uchun, 5 nafar fuqaroga viloyat tibbiyot muassasalarida davolanish uchun yo‘llanma berildi. Shuningdek, 116 nafar fuqaroga ambulator davolanish tavsiya etildi.
Mazkur tadbirning muhim jihati shundaki, olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholining murojaatlari hamda salomatligi bir vaqtning o‘zida kompleks tarzda o‘rganildi. Bu esa fuqarolarning muammolarini joyida aniqlash, ularning yechimiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, kasalliklarni barvaqt aniqlash va zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida tashkil etish imkonini berdi.
Bunday sayyor qabullar va tibbiy ko‘riklarning olis hududlarda tashkil etilishi aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, davlat xizmatlari va tibbiy yordamni fuqarolarga yanada yaqinlashtirish, mavjud muammolarga joyida yechim topish hamda inson manfaatlarini amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress









