🇺🇿 Prezident qarori ijrosi doirasida 68-maktab uchun zamonaviy qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zali barpo etildi
2026-08-11 21:50:00 / Yangiliklar

🇺🇿 Prezident qarori ijrosi doirasida 68-maktab uchun zamonaviy qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zali barpo etildi
Dehqonobod tumanining Paxtachi mahallasida ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.
Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi PQ–141-sonli “Islom taraqqiyoti banki ishtirokida «Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish» (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Paxtachi mahallasidagi 68-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun 180 o‘rinli zamonaviy qo‘shimcha o‘quv binosi hamda yengil konstruksiya asosida sport zali barpo etildi.
Ayni paytda yangi obyektlarda yakuniy pardozlash va montaj ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, maktab o‘quvchilari uchun qo‘shimcha o‘quv xonalari, zamonaviy ta’lim muhiti hamda sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Eng muhimi, mazkur bunyodkorlik ishlari ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan shug‘ullanishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Mahalla aholisi, ota-onalar va o‘quvchi-yoshlar uchun bunday zamonaviy sharoitlarning yaratilayotgani katta quvonch bilan kutib olinmoqda. Bu kabi bunyodkorlik ishlari davlatimiz tomonidan ta’limga, ayniqsa, yosh avlodning kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
🇺🇿 Quvonarlisi, 68-sonli maktabning yangi qo‘shimcha o‘quv binosi va sport zalini foydalanishga topshirish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida yakunlash ko‘zda tutilgan. Bu esa Paxtachi mahallasi aholisi, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlar uchun munosib bayram tuhfasiga aylanadi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress






