KORRUPSIYAGA OID JINOYATLAR UCHUN JAZO KUCHAYTIRILDI
2026-07-20 15:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 22-iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1155-son Qonun imzolandi.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, quyidagi 18 turdagi jinoyatlar ushbu toifaga kiritilishi belgilandi:
-
167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) uchinchi qismining “d” bandi (mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa);
-
168-moddasi (Firibgarlik) to‘rtinchi qismining “g” bandi (xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa);
-
192⁹-modda (Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish);
-
192¹⁰-modda (Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish);
-
192¹¹-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) ikkinchi qismi (hokimiyat harakatsizligi g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
209-moddasi (Mansab soxtakorligi) ikkinchi qismining “v” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
210-modda (Pora olish);
-
211-modda (Pora berish);
-
212-modda (Pora olish-berishda vositachilik qilish);
-
213-modda (Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish);
-
214-modda (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi);
-
214¹-modda (Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi);
-
214²-modda (Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olish);
-
301-modda (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) ikkinchi qismining “b” bandi (g‘arazgo‘ylik niyatlarida sodir etilgan bo‘lsa);
-
243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), agar mazkur jinoyat korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa.
Shuningdek, korrupsiyaga oid 5 turdagi jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi.
Ular:
-
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlik uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxslar;
-
Takroran yoki xavfli retsidivist bo‘la turib yoxud juda ko‘p miqdorda pora olgan shaxslar;
-
Pora berish;
-
Pora olish-berishda vositachilik qilish.
Bundan tashqari, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar uchun alohida elektron reyestr yuritiladi.
Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Elektron reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar belgilanadi:
-
Davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
-
Saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi;
-
Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;
-
O‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlarida hamda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarda ishtirokchi sifatida qatnashishi;
-
Davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.
