Korrupsiyasiz jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadam
2026-06-24 10:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

“Korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz”
Shavkat Mirziyoyev
Yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud-huquq tizimini izchil isloh etish borasida keyingi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq korrupsiyani davlat va jamiyat taraqqiyotining eng katta to‘siqlaridan biri sifatida baholab, unga qarshi murosasiz kurashish zarurligini qat’iy ta’kidlab kelmoqda. Prezidentimizning: “Korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz”, degan fikri bu boradagi davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi.
Ana shu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2017-yil 3-yanvarda mamlakatimiz tarixida ilk bor “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy asoslarini yaratdi hamda ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Shundan so‘ng o‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab farmonlar, qarorlar va boshqa qonunosti hujjatlari qabul qilinib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur islohotlarning bosh maqsadi davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashdan iboratdir.
Bu boradagi islohotlarning navbatdagi muhim bosqichi sifatida 2026-yil 22-iyunda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, mavjud huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xususan, ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda yana beshta qonun hujjatiga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasi alohida huquqiy institut sifatida mustahkamlandi. Jumladan, Jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi “d” bandi, 168-moddasi to‘rtinchi qismi “g” bandi, 192⁹, 192¹⁰, 192¹¹-moddalari, 205, 206, 208, 209, 210, 211, 212, 213, 214, 214¹, 214² hamda 301-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyat, agar u korrupsiyaga oid jinoyatlar natijasida olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq holda sodir etilgan bo‘lsa, korrupsiyaga oid jinoyat deb belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 208-moddasi (hokimiyat harakatsizligi) hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bo‘yicha javobgarlik kuchaytirildi. Xususan, ushbu jinoyatlar g‘arazgo‘ylik yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan hollarda og‘irroq javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 213-moddasi (xizmatchini pora evaziga og‘dirish) hamda 214-moddasi (tovlamachilik yo‘li bilan haq berishni talab qilish) bo‘yicha javobgarlik ham sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, ushbu moddalarning birinchi qismlariga ilgari nazarda tutilmagan ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritildi, ikkinchi qismlarida esa ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi to‘rtinchi qismi yangi “v¹” bandi bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish yoki pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish instituti qo‘llanilmaydi.
Endilikda korrupsiyaga oid og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar sud tomonidan tayinlangan jazoni to‘liq o‘tashlari shart. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashishda javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga ham muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, endilikda korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tizimi takomillashtiriladi, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi shakllantiriladi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining xavfsizlik kafolatlari mustahkamlanadi.
Bugungi kunda korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy rivojlanish hamda milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan omillardan biri hisoblanadi. Mazkur illat fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, qonun ustuvorligiga putur yetkazadi hamda jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish, avvalo, uning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish, ushbu jarayonga keng jamoatchilikni jalb etish hamda jamiyatda korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, aholining, xususan, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda halollik, vatanparvarlik va qonunga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash korrupsiyaga qarshi kurashishning eng samarali vositalaridan biri sanaladi. Korrupsiyaning salbiy oqibatlarini hayotiy misollar asosida tushuntirish, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarur. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki jamiyatning har bir a’zosining fuqarolik burchidir.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, ijtimoiy adolat tamoyillariga putur yetkazadigan va milliy xavfsizlikka tahdid soladigan xavfli illatdir. Unga qarshi murosasiz kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash, halollik va shaffoflik tamoyillarini hayotga izchil tatbiq etish orqali korrupsiyasiz jamiyatni barpo etish mumkin. Bu yo‘lda davlat organlari bilan bir qatorda har bir fuqaroning mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sh. Baxtiyorov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudi raisi
