Dehqonobodda navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi
2026-06-04 12:30:00 / Yangiliklar

“Payshanba — Yoshlar kuni” munosabati bilan Dehqonobod tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda yaqinda maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasalariga kirish arafasida turgan bitiruvchilar, oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. Tadbir yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini tinglash hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi.
Uchrashuvda Dehqonobod tumani prokurori Otabek Usanov, tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Mahmudov, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Sarvar Abduraimov ishtirok etib, yoshlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan muloqot olib bordi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan ta’lim sohasiga oid masalalar, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish, ishga joylashishda ko‘maklashish, moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar yoshlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilish yakunida tuman prokurori Otabek Usanov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, qonunlarga hurmat ruhini mustahkamlash hamda xavfsiz muhitni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress









