“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy tanlovining Dehqonobod tuman bosqichiga start berildi
2026-06-02 11:35:00 / Yangiliklar

Bugun Dehqonobod tumanidagi 3-sonli texnikumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovining tuman bosqichiga start berildi.
Tanlovning ochilish marosimida Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari Sardor Mahmudov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Dehqonobod tumani bo‘limi boshlig‘i Bahodir Omonov hamda Yoshlar ishlari agentligining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur tanlovda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan texnikum va oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek, vaqtincha band bo‘lmagan yoshlar o‘z kasbiy mahoratlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Tanlov mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 10 ta yo‘nalish — elektromontaj, payvandlash texnologiyasi, santexnika, tibbiy va ijtimoiy g‘amxo‘rlik, quruq qurilish va suvoq ishlari, sartaroshlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, moda texnologiyalari, oshpazlik hamda kompyuter grafikasi bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Bugundan boshlangan sinovlar uch kun davom etadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori natija ko‘rsatgan va kasbiy mahoratini namoyon etgan ishtirokchilar g‘olib deb topilib, tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tanlov yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash hamda ishchi kasblarining nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress









