Dehqonobodda bitiruvchilar yutuqlari – ta’lim sifati yuksalishining amaliy natijasi
2026-04-01 09:05:00 / Yangiliklar

Dehqonobodda bitiruvchilar yutuqlari – ta’lim sifati yuksalishining amaliy natijasi
Dehqonobod tumanida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar hamda o‘qituvchilarning fidokorona mehnati natijasida o‘quvchilar bilim darajasi yuksalib, salmoqli natijalarga erishilmoqda. Bu esa hududda ta’lim sifati yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Xususan, Dehqonobod tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 2026-yilgi bitiruvchilari tomonidan qayd etilgan natijalar alohida e’tirofga loyiq. Joriy yilda 58 nafar bitiruvchi tomonidan jami 177 ta sertifikat qo‘lga kiritildi. Shundan 57 nafar o‘quvchi turli fan va yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etib, sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Alohida ta’kidlash joizki, 7 nafar o‘quvchi maksimal 189 ball natijani qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi. Shuningdek, 2 nafar o‘quvchi xalqaro IELTS sertifikatini yuqori darajada qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 6 nafar bitiruvchi SAT xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.
Tahliliy solishtirishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 54 nafar bitiruvchining natijalari o‘tgan yilgi kirish ballari mezonlari bilan qiyoslanganda, ular o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatiga ega ekani asosli ravishda kutilmoqda. Bu esa bitiruvchilarning bilim va tayyorgarlik darajasi yuqori ekanidan dalolat beradi.
Mazkur yutuqlar tumanda yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi ortib borayotgani, ota-onalar tomonidan farzandlar ta’limiga e’tibor kuchaygani hamda ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Dehqonobod tuman hokimligi barcha bitiruvchilarni erishgan yuksak natijalari bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress


