Dehqonobod tumani hokimi sugʻorish tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi
2026-01-26 18:35:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-oktabrdagi 660-sonli “Suv resurslari yo‘qotilishining oldini olish hamda irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Dehqonobod tumanida keng ko‘lamli irrigatsiya tizimlarini yangilash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida “Bibiqorasoch” mahalla fuqarolar yig‘inida mavjud beton ariqlarning 2700 pog‘onali metri (p/m) qismi yangidan qurilishi, yana 2800 p/m qismi esa rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Shuningdek, “Dehqonobod” MFY hududida 1600 p/m hamda “Paxtachi” MFYda 2000 p/m sug‘orish tizimlari (lotok va ariqlar)ni qayta ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. “Gumbuloq” MFYda esa uzunligi 800 p/m bo‘lgan, diametri 200–250 millimetrli temir quvurlarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Dehqonobod tumani hokimi Sherzod Shokirov boshchiligidagi mutasaddilar ushbu hududlarda bo‘lib, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganish jarayonida sug‘orish tarmoqlarini o‘rnatish sifati, qurilish me’yorlariga rioya etilishi hamda ishlarning borishi alohida ko‘zdan kechirildi.
Tuman hokimi pudratchi tashkilotlar mas’ullariga ishlarni belgilangan muddatlarda, eng asosiysi, yuqori sifat bilan yakunlash yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida hududlarda suv resurslaridan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini barqaror sug‘orish imkoniyati yanada yaxshilanishi kutilmoqda.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress
