Dehqonobodda “Mening bogʻim” loyihasi doirasida zamonaviy yashil maskan barpo etilmoqda
2026-01-08 11:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlar maydonini kengaytirish va aholi uchun qulay muhit yaratish borasidagi ishlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi gʻoyalari asosida izchil davom ettirilmoqda.
Ana shu ezgu tashabbuslarga uygʻun tarzda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-martdagi 156-sonli farmoyishi ijrosi doirasida Dehqonobod tumanining “Yangi Oʻzbekiston” mahallasida 60 sotix yer maydonida “Mening bogʻim” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha hududda yangi, zamonaviy va ekologik toza bogʻ barpo etilishini nazarda tutadi.
Bogʻ hududini koʻkalamzorlashtirish jarayonida “Yashil makon” umummilliy loyihasining asosiy gʻoyalari yetakchi mezon sifatida qabul qilinib, hudud iqlimiga mos, manzarali va uzoq umr koʻruvchi daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Xususan, bu yerda yasen, qayragʻoch, goʻzal katalpa, zarang hamda sharq tuyasi kabi daraxtlar oʻtqazilib, hududning ekologik holati va manzaraviy jozibadorligi yuksaltirilmoqda.
Loyiha doirasida bogʻga zamonaviy tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy etilib, suv resurslaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda. Shuningdek, aholi uchun qulay dam olish sharoitlarini yaratish maqsadida hududga oʻrindiqlar oʻrnatilib, bogʻ tungi yoritgichlar bilan jihozlanadi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress
