Dehqonobod tumanida yangi taraqqiyot bosqichi: “Islom taraqqiyoti banki” loyihasi qishloq hayotiga zamonaviy qiyofa baxsh etmoqda
2026-01-07 11:55:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi PQ–141-sonli “Islom taraqqiyoti banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimiz qishloqlarini tubdan yangilashga qaratilgan muhim hujjat sifatida tarixga kirmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda unga yondosh “Paxtachi”, “Dehqonobod”, “Bo‘ston”, “Oydin yo‘li” va “Yashnaobod” mahallalari loyiha qamroviga kiritildi. Ushbu tashabbus hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aholi turmush darajasini oshirish va qishloqlarni zamonaviy ijtimoiy makonga aylantirish yo‘lida muhim bosqich hisoblanadi.
Bugungi kunda loyiha doirasida Yashnaobod MFYga qarashli Jing‘il qishlog‘ida uzunligi 6 kilometr 28 metr bo‘lgan ichki yo‘lni shag‘allashtirish hamda asfalt qoplamasiga tayyorlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu yo‘l nafaqat aholi qatnovini yengillashtiradi, balki tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham sezilarli turtki beradi.
Eng muhimi, ushbu bunyodkorlik ishlari aholi hayot sifatining oshishiga, kelajakka bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Loyihaning bosh maqsadi — qishloq hududlarida zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini shakllantirish, barqaror transport tizimini yaratish hamda inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan yashash muhitini barpo etishdan iboratdir. Bu esa mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning amaliy ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, “Islom taraqqiyoti banki” ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasi Dehqonobod tumani hayotida yangi davrni boshlab bermoqda. Ushbu keng ko‘lamli tashabbus qishloqni shahar bilan uyg‘unlashtirish, aholi farovonligini ta’minlash va hududni barqaror rivojlanish yo‘liga olib chiqishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress

