Dehqonobodda kasanachilik orqali yuzlab ayollar bandligi yo‘lga qo‘yilmoqda
2025-12-23 10:30:00 / Yangiliklar
Dehqonobod tumanida kasanachilik yo‘nalishida samarali faoliyat olib borayotgan yana bir tadbirkor — Gulnoza Jo‘rayeva bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlarni amalga oshirmoqda. Uning tashabbusi va tashkilotchiligi natijasida tumanda kasanachilik asosida keng ko‘lamli ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni vaqtda Gulnoza Jo‘rayeva bilan hamkorlikda 150 nafardan ziyod kasanachi ishchi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 25 ga yaqin xotin-qiz tadbirkorga qarashli sexda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Ish jarayonlari zamonaviy talablar asosida tashkil etilib, kasanachilar asosan o‘z xonadonida mehnat qilgan holda buyurtmalarni bajarishmoqda. Bu esa ayollarga oilaviy majburiyatlardan uzilmagan holda daromad topish imkonini bermoqda.
Kasanachilik markazida bugungi kunda 50 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular orasida milliy ruhdagi buyumlar, qo‘lda tayyorlanadigan mahsulotlar hamda bozorda talab yuqori bo‘lgan turli iste’mol tovarlari mavjud. Mahsulotlar sifati va xilma-xilligi sababli buyurtmalar hajmi yil sayin ortib bormoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur faoliyat nafaqat ayollar bandligini ta’minlash, balki kasb-hunar o‘rganish, mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish va oilaviy daromadni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gulnoza Jo‘rayeva kasanachilik faoliyatiga qiziqish bildirgan, hunar o‘rganish va ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarni o‘z jamoasiga qabul qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Bugun Dehqonobod tumanida kasanachilik orqali yuzlab oilalar barqaror daromad manbaiga ega bo‘layotgani, hududda ijtimoiy-iqtisodiy faollikning oshishiga xizmat qilmoqda.
📞 Kasanachilik faoliyatiga qiziqqanlar murojaat uchun:
☎️ +998 94 294 61 28
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress

