Dehqonobodda kasanachilik orqali ayollar bandligi ta’minlanmoqda
2025-12-22 12:05:00 / Yangiliklar
Dehqonobod tumanida kasanachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Umida Shukurova bugun tumandagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida samarali va e’tiborga molik tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Uning sa’y-harakatlari natijasida yuzlab ayollar o‘z xonadonida mehnat qilib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishmoqda.
Ayni paytda Umida Shukurova rahbarligidagi kasanachilik markazida 20 ga yaqin xotin-qiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, 200 nafardan ortiq ayol tadbirkor tomonidan berilayotgan buyurtmalar asosida o‘z uyida ishlab, kasanachilik faoliyati orqali tikilgan mahsulot soniga qarab oyiga 1 million so’mdan 6 million soʻmgacha daromad topmoqda. Bu holat tumanda kasanachilik sohasining izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Mazkur markazda 30 dan ortiq turdagi milliy hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Jumladan, milliy matolar, qo‘lda tikilgan kiyim-kechaklar, turli bezak buyumlari hamda xalq amaliy san’atining boshqa namunalariga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu mahsulotlar Shahrisabz va Samarqand shaharlaridagi turizm zonalarida katta talabga ega bo‘lib, muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, tadbirkor tomonidan xorijiy davlatlardan ham buyurtmalar qabul qilinayotgani, mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarining eksport salohiyati ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirishga, balki milliy qadriyatlarimizni dunyo miqyosida targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Umida Shukurova xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda, ularning kasb-hunar o‘rganishi va malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Tadbirkor kasb o‘rganish, hunar egallash va kasanachilik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan barcha xotin-qizlarni o‘z jamoasiga qabul qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Mazkur tashabbuslar ayollar bandligini ta’minlash, oilaviy daromadni oshirish hamda milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
📞 Qiziqqan xotin-qizlar quyidagi telefon raqam orqali murojaat qilishlari mumkin:
+998 90 943 41 86
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress

