Foto: Navbatdagi oʻrganish ishlari Gumbuloq mahallasida olib borildi
2025-12-17 15:10:00 / Yangiliklar
Dehqonobod tumani hokimi Sherzod Shokirov hamda tuman prokurori Otabek Usanov tumanning Gumbuloq mahallasida boʻlib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi. Oʻrganish jarayonlari, avvalo, mahalla “yettiligi” faoliyatini tahlil qilishdan boshlandi.
Jarayonda tuman hokimi mahalla mas’ullarining olib borayotgan ishlari yuzasidan hisobotlarini tinglab, mavjud muammolar va kamchiliklarga alohida toʻxtaldi. Xususan, mahalla faoliyatini samarali tashkil etish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tuman rahbari mahalla fuqarolar yigʻini binosidagi mavjud kamchiliklarga nisbatan qat’iy e’tiroz bildirib, ularni bartaraf etish va binoni belgilangan talablar asosida tartibga keltirish boʻyicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Oʻrganish ishlari davomida tuman hokimi mahalla hududida 30 ta oila istiqomat qiluvchi qishloq yoʻlini ta’mirlash masalasini fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib, tuman qurilish boʻlimi mas’ullariga yukladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning bir guruh xonadonlarida oʻrganish ishlari olib borilib, ularga qonun doirasida amaliy yordam koʻrsatish vazifalari mahalla “yettiligi” hamda Inson ijtimoiy xizmatlar markazi mas’ullariga belgilab berildi.
Oʻrganish ishlari mahalla hududida joylashgan ijtimoiy obyektlar koʻzdan kechirish bilan davom etdi.
Kanalga ulanish:
@Dehqonobodpress

