O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligi
2025-08-27 18:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz va muhtaram Dang‘araliklar, qadrli vatandoshlar!
Shu kunlarda barchamizning qalblarimizda shukronalik, yuraklarimizda quvonch hukm surmoqda. Biz eng ulug‘, eng aziz ayyom –mustaqilligimizning 34 yillik bayramini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘ shior ostida keng nishonlamoqdamiz.
Tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgan Mustaqillik – bu el-yurtimiz uchun erkinlik, tinchlik va farovonlik timsoli, kelajakka ishonch manbai bo‘lib qolmoqda. 34 yil mobaynida qo‘lga kiritilgan yuksak yutuq va zafarlarimiz asrlarga tatigulik ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun O‘zbekiston – jahon hamjamiyatida munosib o‘rniga ega bo‘lgan, tinch va mustaqil siyosat olib borayotgan, yuksak maqsadlar sari dadil qadam tashlayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar va yaratilgan imkoniyatlar dunyo hamjamiyati e’tiborida. Bu jarayonlarda Dang‘ara tumani aholisi ham o‘zining fidoyi mehnati va tashabbuskorligi bilan munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Qurilayotgan yangi uy-joylar, ta’mirlanayotgan yo‘llar, obodonlashtirilayotgan mahallalar – bunday yangilanishlarning yorqin ifodasidir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Mustaqilligimizning har bir tongida biz shukronalar aytamiz. Chunki tinchlik – barqaror hayot kafolati, xalqlar totuvligi – farovonlikning asosi, erkinlik esa taraqqiyot yo‘lidir. Mana shu ne’matlarning barchasi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani yanada yuksak ma’noda ifodalaydi. Bu yilgi bayram tantanalari ham milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un holda, xalqimiz birligi, mehri va kelajakka ishonchi ramzidir. Tumanimizning mehnatkash, saxiy va tadbirkor xalqi doimo buyuk O‘zbekistonimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan va albatta, bundan buyon ham qo‘shishda davom etadi.
Muhtaram do‘stlar, aziz nuroniylarimiz, qadrli opa-singillar, kelajagimiz vorislari bo‘lgan– yoshlarimiz! Sizlarni yana bir bor mustaqilligimizning 34-yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, oilalaringizga qut-baraka tilayman. Yurtimiz xamisha tinch, osmonimiz musaffo istiqlolimiz abadiy bo‘lsin!
