Dang‘ara tumanida intensiv mevali bog‘larni barpo etish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi
2026-07-11 10:00:00 / Yangiliklar

Dang‘ara tumanida intensiv mevali bog‘larni barpo etish bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi
🔷Viloyat hokimi X. Bozorovning Dang‘ara tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda serhosil va yuqori daromadli in-vitro ko‘chatlarini ekish ishlarini kengaytirish yuzasidan "Saodat ko‘rki bog‘istoni" fermer xo‘jaligida o‘quv seminari tashkil etildi.
🔷Seminarda tuman hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi mas’ullari, hokim yordamchilari, ijara asosida yer maydonlaridan foydalanayotgan yer egalari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
🔷Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan Dang‘ara tumanining tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan intensiv mevali ko‘chatlarni tanlash, ularni ekish, parvarishlash, zamonaviy sug‘orish tizimlarini joriy etish, hosildorlikni oshirish va eksportbop mahsulot yetishtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
🔷Mutaxassislarning tavsiyalariga ko‘ra, Dang‘ara tumanining tuproq-iqlim sharoitiga Ispaniya, Angliya, Italiya va Turkiya seleksiyasida yaratilgan yuqori hosildor hamda eksportbop invitro mevali ko‘chatlari, shaftolining «Ekstrem-Byuti», «Lusiyana», «Bigben», «Manata» va «Fantaziya» (nektarin), bodomning «Avijor», «Mardiya» va «Vialfas», olxo‘rining (sliva) «Bleksplendr», «Blekdiamond» va quritish uchun mo‘ljallangan «Stelli», shuningdek, o‘rikning «Pritsiya», «Mikado» va «Vanderkot» navlarini ekish tavsiya etildi.
🔷Seminar yakunida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan intensiv bog‘lar maydonini kengaytirish, aholini zamonaviy agrotexnologiyalar asosida ishlashga o‘rgatish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini oshirish hamda viloyat hokimi tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.









