"Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi"
2025-12-19 13:30:00 / Yangiliklar

"Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi"
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini tumanda samarali tashkil etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida Chust tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan izchil va manzilli amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur Farmon doirasida nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda barqaror daromad manbalariga ega bo‘lishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 15 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar “ELISOF” MChJ faoliyati bilan tanishtirilib, korxonada ishchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, ishlab chiqarish jarayoni, texnika xavfsizligi talablari hamda ijtimoiy himoya masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar korxonadagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnatga haq to‘lash tizimi, ish vaqti rejimi hamda nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ish beruvchi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish bo‘yicha davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ham tushuntirishlar berildi.
Natijada, 11 nafardan ortiq ishga joylashish istagini bildirgan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishga qabul qilish bo‘yicha tegishli hujjatlar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq ravishda belgilangan tartibda rasmiylashtirildi. Mazkur tadbirlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.









