Anor mevaxo‘ri - Euzophera punicayella Mooze
2025-08-13 17:40:00 / Yangiliklar
Ta’rifi. Anor mevaxo‘rining kapalagi nisbatan yirik bo‘lib, tanasi 7-8 mm, qanotlarini yozganda 12-17 mm keladi. Umumiy tusi kulrang, rasmlari sezilmay sidirg‘a bo‘lib tuyiladi. Orqa juft qanotlari tiniq, och tusda, keng, oldingisi esa ingichkaroq. Kapalagining lab paypaslagichlari yuqoriga qarab qayrilgan. Tuxumi oqish-sariq, yuzasi g‘adir-budir, kattaligi 0,75-1,0 mm. Qanotlari och kulrang, boshi qo‘ng‘ir-qora, kattaligi 8-11 mm gacha yetadi. Gʻumbagi jigarrang, uzunligi 8-9 mm keladi.
Hayot kechirishi. Anor mevaxo‘ri yetuk qurt hamda g‘umbak shaklida asosan daraxt ostiga to‘kilgan mevalar ichida, po‘stida, daraxtning pana joylarida va xas-cho‘plarning ostida qishlab qoladi. Gʻumbaklik davri yoz kunlari 10-12 kunda tugaydi. Kapalaklari odatda kechasi uchadi, meva kosachalariga bittadan tuxum qo‘yadi. Birinchi bo‘g‘inlari meva yoriqlariga ham tuxum qo‘yib ketishi mumkin. Bitta urg‘ochi zot 90-100 ta tuxum qo‘yishi mumkin. 5-7 kundan keyin tuxumdan ochib chiqqan qurt meva kosasi yoki yoriqlar orqali anor mevasining ichiga kiradi va uni shikastlay boshlaydi. Qurtlar anor donalari hamda donalar oralaridagi parda to‘siklar bilan oziqlanadi. Har meva ichida 3-4, hatto 10 tagacha qurt borligini kuzatish mumkin. Zararlangan anor mevasi odatda gul kosasi atrofidan boshlab chiriy boshlaydi, yoriladi va to‘kilib tushishi mumkin. Qurtlik davri o‘tishi uchun 17-22 kun talab etiladi. Rivojlanishni tugatgan qurt meva gulkosasiga qaytadi va ko‘pincha u yerda yumshoq pilla o‘rab, ichida g‘umbakka aylanadi. 8-12 kundan so‘ng undan yangi bo‘g‘in kapalagi uchib chiqadi. Bir mavsumda Farg‘ona vodiysi sharoitlarida 5-6 ta, Surxondaryoda esa 7 tagacha bo‘g‘in beradi.
Zarari. Anor mevaxo‘ri asosan anor daraxtining meva nishonalarini (gul, shona va mevani mavsum mobaynida rivojlanish davrida) zararlaydi. Shikastlangan mevalar ikkilamchi mikroorganizmlar faoliyati oqibatida chiriydi, yoriladi, to‘kiladi va yaroqsiz bo‘lib qoladi. Buning natijasida daraxt va bog‘ hosildorligi kamayadi, mevaning sifati pasayadi. Himoya qilinmagan anor daraxti hosilining 25,2% dan 77,5% gacha qismi yo‘qolishi mumkin.
Kurash choralari.
Biologik usul. Anor gullashidan boshlab vaqti-vaqti bilan u yerga trixogramma kushandasini (1 g/ga) tarqatib turish yaxshi samara beradi. 2.
Kimyoviy usul. Anor mevaxo‘riga qarshi kimyoviy kurashishda Anor daraxti gullay boshlagandan keyin (may va undan keyin) har 15 kunda bir marta turli preparatlar ishlatiladi. Bundan maqsad mevaxo‘r kapalagiga qarshi kurashishdir, chunki qurtiga qarshi deyarli kurashib bo‘lmaydi. Ishlov hosil pishishidan 30 kun ilgari to‘xtatiladi. Preparatlardan talstar,10% em.k. – 0,4-0,6 l/ga; kinmeks, 55 em.k – 0,6 l/ga; breyk, 10% em.k. – 0,2-0,4 l/ga; desis, 2,5%em.k. – 0,7 l/ga; sumi-alfa, 5% em.k – 0,5-1,0 l/ga, nurrel-D, 55% em.k – 1,0 l/ga; danitol, 10% em.k. – 1,5 l/ga hisobida purkash tavsiya etiladi.
O‘simliklar karantini va ximoyasi Chortoq tuman bo‘limi inspektori: Gʻofurjon Xayitov


