Loy ko‘chalar tarixga aylandi
2025-04-10 16:00:00 / Yangiliklar
Bugun Chortoq tumanidagi "Qoramurt" mahallasining birdamligi obod manzillarda namoyon bo‘lmoqda. Nega deysizmi?
Mahalla raisi boshchiligidagi hamjihat aholi bir yelkadan bosh chiqarib, "Tashabbusli byudjet" loyihasida qatnashishdi va ko‘chalarni asfaltlashga yo‘naltirilgan 1 mlrd 174 mln so‘m mablag‘ni yutib olishdi.
Endilikda mahalladagi 3.7 km ko‘chalar asfalt bo‘ladi.
Quvonarlisi, mazkur mahalla avval ham loyihada g‘olib bo‘lgan va mahalladagi mavjud 19 ta ko‘chaning 15 tasi to‘liq asfaltlandi.
– Ko‘nglimda shukronalik hissi jo‘sh urib ketmoqda, - deydi shu mahalladagi xonadonlarning birida yashovchi fuqaro Rustamjon Hakimjanov.
– Yo‘llarimiz to‘liq asfaltlandi. Ilgarilari yog‘in-sochinli kunlarda yurishga nihoyatda qiynalar edik. Mavjud muammolarimizga bosqichma-bosqich yechim topilayotganidan behad xursandmiz. Endi tekis va ravon yo‘llardan bemalol yuramiz. Maktabga boradigan farzandlarimizning kiyimlariga ham loy tegmaydigan bo‘ldi.










