Chortoq tumanida bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda
2026-06-03 14:20:00 / Yangiliklar
Chortoq tumanida bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda
Chortoq tumanida aholi uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, hududning meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda.
Xususan, tuman markazida joylashgan Furqat nomli madaniyat va istirohat bogʻida qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal surʼatlarda davom etmoqda.
Loyiha doirasida bogʻ hududi tubdan yangilanib, zamonaviy infratuzilma obʼektlari barpo etilmoqda, hududning koʻrinishi yangi arxitekturaviy yechimlar asosida qayta shakllantirilmoqda.
Bu esa aholining mazmunli dam olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, Chortoq tumani hududidan oʻtuvchi D–111 avtomobil yoʻlining 15–16-kilometrlar oraligʻida joylashgan temir yoʻl ustidan oʻtgan koʻprikni toʻliq rekonstruksiya qilish ishlari ham davom etmoqda.
Loyihaga muvofiq, mazkur hududda barcha texnik meʼyorlar va xavfsizlik talablariga javob beradigan, zamonaviy muhandislik yechimlari asosida qurilgan 4 tasmali yangi koʻprik barpo etiladi.
Ayni vaqtda qurilish ishlari belgilangan reja asosida bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Yangi koʻprik foydalanishga topshirilgach, transport harakati xavfsizligi va oʻtkazuvchanlik darajasi sezilarli oshishi, aholi va haydovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.
Chortoq tumanida amalga oshirilayotgan ana shunday bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish hamda tumanning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.










