Chortoq tumanida zamonaviy nodavlat ta’lim muassasasining yangi filiali ish boshladi
2026-05-14 17:05:00 / Yangiliklar
Chortoq tumanida zamonaviy nodavlat ta’lim muassasasining yangi filiali ish boshladi
Chortoq tumanida ta’lim sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri sifatida “NIS” nodavlat maktabining 7-filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangi ta’lim muassasasining ochilish marosimida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, viloyat IIB, tuman rahbariyati, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirkor Muhammad Elyor Yuldashev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur maktabda o‘quvchilarga xalqaro ta’lim dasturlari asosida bilim beriladi.
Ta’lim jarayonida ingliz, rus va xitoy tillarini chuqur o‘rgatish bilan bir qatorda IT dasturlash, robototexnika, kiberxavfsizlik, startap loyihalar, sun’iy intellekt, dron va raketa modelsozligi kabi zamonaviy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Quvonarlisi, mazkur ta’lim muassasasida tahsil olgan mingdan ortiq o‘quvchilar turli xalqaro til va fan sertifikatlarini qo‘lga kiritishgan. Shuningdek, 100 ga yaqin startap loyihalar amalga oshirilgan.
Yangi o‘quv binosi 700 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlar yaratilgan.
Dars jarayonlariga xorijiy mutaxassis va o‘qituvchilar jalb etilgani ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun 8,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, muassasa faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 45 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Mazkur maktab yoshlarni zamonaviy kasb va texnologiyalarga yo‘naltirish, ularning xalqaro bilim va malakaga ega bo‘lishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.










