Chortoqlik yosh tadbirkorlar qo‘ychilik sohasida erishayotgan yutuqlar o‘rganildi.
2026-05-14 16:25:00 / Yangiliklar
Chortoqlik yosh tadbirkorlar qo‘ychilik sohasida erishayotgan yutuqlar o‘rganildi.
Bugun mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash, daromad manbalarini yaratish hamda tadbirkorlikka keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov bugungi "Yoshlar kuni"da Chortoq tumanining “Tinchlik” mahallasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yoshlar xonadonida bo‘ldi.
Xususan, Otabek Orifjanov xonadonida “Frankil", "Vvalakof” zotga mansub 10 bosh qo‘y boqilmoqda.
Shuningdek, yosh tadbirkor Shavkat Umarov tomonidan “Arashan” zotli qo‘ylar parvarishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning soni 100 boshdan oshgan.
Eʼtiborli jihati, faoliyatning dastlabki bosqichida unga imtiyozli kredit asosida 10 bosh zotdor qo‘y olib berilgan. Yosh tadbirkor yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, qisqa vaqt ichida nasldor qo‘ylar sonini bir necha barobarga ko‘paytirishga erishdi.
“Arashan” zotli qo‘ylarning bozor qiymati 100 dollardan 10 ming dollargacha baholanmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishning iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
— Yoshlarning mehnat qilib, tadbirkorlik orqali daromad topishi eng katta yutuqdir. Bugun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan har bir yosh, albatta, o‘z o‘rnini topadi. Bunday tashabbuskor yoshlar boshqalarga ham namuna bo‘lishi kerak, — dedi viloyat hokimi.
Shuningdek, yoshlarga chorvachilikni yanada kengaytirish, nasldor qo‘ylar sonini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.










