Hosil taqdiri — agrotexnik tadbirlar sifatiga bogʻliq
2026-05-14 12:25:00 / Yangiliklar
Hosil taqdiri — agrotexnik tadbirlar sifatiga bogʻliq
Ayni kunlarda qishloq xoʻjaligida eng masʼuliyatli va dolzarb palla. Soha xodimlaridan har bir daqiqaning qadri baland ekanini chuqur anglab, barcha agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik va yuqori masʼuliyat bilan amalga oshirish talab etiladi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Chortoq tumanida boʻlib, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar, shuningdek, gʻoʻza va gʻalla parvarishi ishlarining borishi bilan tanishdi.
Oʻrganishlar davomida “Ayqiron mirishkorlari” MMTP hududida joylashgan “Akramboy Adhamboy Ravshanboy”, “Shohsanam Eldorbek Gulsanam” hamda “Usmonjon Dilorom Dilfuza” fermer xoʻjaliklaridagi ishlar koʻzdan kechirildi.
Jarayonlar davomida sohadagi ishlarni yanada jadallashtirish, rivojlanishdan ortda qolayotgan gʻoʻza nihollariga jiddiy eʼtibor qaratish, kultivatsiya ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek, begona oʻtlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Maʼlumot oʻrnida, joriy yilda Chortoq tumanida 981 gektar maydonda paxta hamda 1832 gektar maydonda gʻalla parvarish qilinmoqda.










