Yosh dehqonlar mehnati — yuksak daromad va yangi imkoniyatlar
2026-04-20 12:10:00 / Yangiliklar
Yosh dehqonlar mehnati — yuksak daromad va yangi imkoniyatlar
Chortoq tumanida PQ–153-sonli qaror ijrosi doirasida yoshlar bandligini ta’minlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, yoshlarga ijara asosida ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali ularning daromad manbai yaratilayotgani e’tiborga molik.
Bugungi kunda "Bir kontur — bir mahsulot" tamoyili asosida tumanning iqlim sharoitiga mos ravishda kartoshka, piyoz va sabzi yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Yerga mehr bilan qarab, agrotexnik talablarga rioya etgan yoshlar esa o‘z mehnatining samarasini ko‘rmoqda.
— O‘tgan yili ajratilgan yer maydonidan unumli foydalanib, 30 million so‘mdan ortiq daromad oldim, — deydi yosh dehqon Abdulbosit Muhammadjonov. — Bu yil ham ishni yanada kengaytirib, bahorgi sabzi yetishtirmoqdaman. Eng muhimi, yer unumdor, suv ta’minotida muammo yo‘q. Albatta, mehnat qilgan odam yerdan rizq topadi.
Darhaqiqat, bugun Chortoq tumani yoshlari yer bilan "til topishib", o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan barpo etmoqda. Ularning tashabbusi, intilishi va mehnatsevarligi esa nafaqat o‘z oilasi, balki butun hudud iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.










