Zarpechak haqida
2026-03-30 14:50:00 / Yangiliklar
Zarpechak haqida . Zarpechaklar “cuscutaceae” oilasiga mansub bir yillik o‘simlik bo‘lib, dunyo bo‘yicha ularning 274 tadan ortiq turlari aniqlangan va undan 36 tasi MDH davlatlarida, 17 ta turi esa Respublikamizda ro‘yxatga olingan. Respublikamizda uchraydigan ushbu zarpechak begona o‘tidan 13 ta turi o‘simliklarga eng ko‘p zarar keltiradi. Zarpechaklarning parazit hayot kechirish tarzi ularning tuzilishida ko‘pgina o‘zgarishlarni sodir bo‘lishiga olib kelgan. Zarpechaklar vegetatsiya davri, rivojlanishi va boshqa jihatlari bilan oddiy gulli o‘simliklardan tubdan farq qiladi. Masalan, ularda barg bo‘lmaydi, fotosintez jarayoni umuman kuzatilmaydi, ildiz sistemasi, ustisalari yo‘q, ildiz vazifasini esa o‘simlik tanasiga yopishib oluvchi gaustoriyalar bajaradi. Zarpechaklar qishloq xo‘jaligi ekinlariga juda katta zarar keltiradi. Ular barcha o‘t o‘simliklar, daraxtlar, butasimonlar, mevali va manzarali o‘simliklarni zararlaydi. Bu parazitdan asosan, beda ekinlari, zig‘ir, maxsar, lavlagi, sabzi, piyoz va boshqa ko‘pgina ekinlar jiddiy zarar ko‘radi. Bir pallali o‘simliklar, jumladan boshoqli o‘tlar va g‘alla ekinlari zarpechaklar bilan nisbatan kamroq zararlanadi.
Zarpechaklarga qarshi agrotexnik va mexanik kurash choralari yetakchi o‘rinda turadi. O‘simlik maydonlari zararlanishiga qarab kuchli yoki kuchsiz zararlangan toifalarga ajratiladi. Kuchli zararlangan ekin, o‘simliklar chopib yoki kesib yoqib yuboriladi yoki chuqurga ko‘mib tashlanadi. O‘rtacha zararlangan ekinlarni tegishli qismlari kesib yoki chopib olinib, yoqib yuboriladi. Tadbir o‘tkazilgan maydonlar doimiy nazoratga olinib, zarpechak butunlay yo‘qolib ketguncha har 7-10 kunda nazorat qilinadi. Ekin ekiladigan dalalar yaxshilab tekislanadi, ekishdan 10-15 kun oldin boronalash ishlari amalga oshiriladi.
Namangan viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Chortoq tuman o‘simliklar karantini va himoyasi inspektori
Dilshodbek Gavharov

