Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг 33 йиллиги муносабати билан Чорток туманида ўтказиладиган байрам тадбирларидаги нутки
2025-12-05 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli tantana ishtirokchilari, aziz mehmonlar!
Siz, azizlarni bugungi ulug‘ ayyom 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 33 yilligi bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga, Sizlarning timsolingizda butun tumanimiz ahliga o‘zimning yuksak ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysizlar.
Aziz hamyurtlar!
Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning “Konstitutsiya - inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” hayotiy shiori ostida nishonlanayotgani, qolaversa, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish bo‘yicha yuksak natijalarni qo‘lga kiritilayotgani, ayniqsa, 2023 yili umumxalq referendumi o‘tkazilib, konstitutsiyaning 63 foizdan ortig‘i yangilanganligi, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu-tafakkuri, dunyo qarashi o‘zgarib, islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilib yashayotganimizni alohida ta’kidlash zarur.
Yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etilishi hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Hurmatli do‘stlar!
Alohida e’tirof etish joizki, muhtaram Prezidentimizning tumanimizga qilgan tashriflari, otalarcha g‘amxo‘rlik va yaratib berayotgan imkoniyatlari natijasida, bugun tumanimiz keng qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylandi.
Xususan, tumanimizga 2024-2025 yillarda jami 1,1 trln.so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu bizning tumanimiz byudjetini qariyb 10 barobarini tashkil qiladi.
Birgina Jahon banki mablag‘lari doirasida tumanga 40 mln.dollar mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘larni o‘zlashtirilishi jarayonida 1,5 ming nafar aholi olib borilgan qurilish ishlariga jalb etildi.
Qolaversa, 30 yillar davomida xalqning og‘ir dardi bo‘lib kelgan tuman markazidagi istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi va bu boradagi ishlar jadal davom etmoqda. Ushbu bog‘ni foydalanishga topshirilishi hisobiga 340 nafar ish o‘rinlari yaratib, 12,5 mlrd.so‘m byudjetga qo‘shimcha manbalar yaratiladi.
Yana bir e’tiborga molik ishlardan biri Arbag‘ish mahallasidan tuman markazigacha bo‘lgan 72,5 km masofadagi ichimlik suv tarmoqlarini tortish ishlarining olib borilishidir. Mazkur loyihaning yakunlanishi natijasida tuman markazidagi aholiga 24 soatlik uzluksiz ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Buning natijasida tumanning ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 65 foizdan 100 foizga o‘sishga erishiladi.
Bu boradagi ishlarning uzviy davomi sifatida tumanning olis hududidagi qishloqlarga, Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish mablag‘lari hisobidan 9,6 mln.dollar mablag‘ ajratilib, 119 km ichki yo‘llarimiz asfaltlandi, 179 km ichimlik suv tarmoqlari tortildi, 6 ta ijtimoiy soha ob’yektlari ta’mirlandi. Buning hisobiga 65,3 ming nafar aholining turmush farovonligini yanada yaxshilanishiga erishildi.
Yangi O‘zbekiston toifasidagi tuman bo‘yicha tumanga 70 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilib, 12 ta loyihada qurilish ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
“Katta Namangan magistral” kanalining 2 km qismini ko‘ngilochar “Chortoq turizm dam olish maskani”ga aylantirib, salomatlik yo‘lagi, 15 ta savdo va 2 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etildi va 45 nafar ish o‘rinlari va 4,0 mlrd.so‘m byudjetga qo‘shimcha manbalar yaratildi.
Bu boradagi ishlar bugun ham jadal davom etmoqda. Xususan, Chortoq soy bo‘yi o‘zanini qisqartirish hisobiga qo‘shimcha 17 gektar yer maydonlarini yangi o‘zlashtirilib, ushbu yer maydonlariga qiymati 60 mln.dollarlik jami 32 ta loyihalar tashkil etiladi. Bu orqali esa 700 nafarga yaqin ishsizlar bandligi ta’minlanib, 24,0 mlrd.so‘m byudjetga qo‘shimcha manba yaratishga erishiladi.
Ya’ni, 6 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazlari, 20 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, 1 ta xususiy maktab va 5 ta ko‘p qavatli turar joylar tashkil etiladi.
Shuningdek, tumanning turizm salohiyatini yanada oshirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Chortoq suv ombori hududida “Turizm maskani” tashkil etilib, hozirda master rejasi ishlab chiqilmoqda.
Suv ombor hududidagi 60 gektar maydonlarda kemping, villa, mehmon uylari, kanat va boshqa dam olish maskanlari barpo etiladi.
Alohida tuman va mahallalarda aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda har tomonlama namunali hududga aylantirish maqsadida 2 ta mahalla tanlab olinib, har biriga 5 mlrd.so‘mdan mablag‘lar ajratilishi doirasida mahallaning bosh rejalari ishlab chiqildi.
Bu boradagi ishlar ko‘lamini ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, xizmat ko‘rsatish kabi qator sohalarda ham uzoq davom ettirish mumkin.
Qadrli hamyurtlar!
Asosiy qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish bo‘yicha ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarildi.
Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan.
Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Konstitutsiyamizning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burchdir.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Sizlarni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bayram barchaga muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!

