O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAKILLIGINING OTTIZ TORT YILLIK BAYRAM
2025-08-28 17:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum aziz bayram ishtirokchilari!
Jonajon vatanimizda shodu xurramlik bilan kutib olinadigan qutluq bayramlar va muhim sanalar ko‘p.
Lekin xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan, 1991 yil 31 avgustda qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining davlat Mustaqilligi ko‘p ming yillik tarixdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati, yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir.
So‘zim avvalida barchangizni eng aziz va eng ulug‘ bayram mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi bilan samimiy tabriklashga, Sizlarga, Sizlarning timsolingizda butun tumanimiz ahliga o‘zimning yuksak extiromim va ezgu tilaklarimni izxor etishga ijozat bergaysizlar.
Aziz hamyurtlar!
Aynan milliy Mustaqillik el yurt uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab huquqiy demokratik davlat, va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli isohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq marralarimizning asosiy manbasi bo‘lib kelmoqda.
Ayniqsa muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mironovich Mirziyoyev boshchiliklarida Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish bo‘yicha yuksak natijalarni qo‘lga kiritayotgani, bu yutuqlar halqaro jamoatchilik tomonidan etirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu-tafakkuri, dunyo qarashi o‘zgarib islohotlar samarasini kundalik xayotida his qilib yashayotganimizni alohida takidlash zarur.
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Ayni kunlarda butun Respublikamizda bo‘lgani kabi tumanimizda xam Mustaqillik bayramini keksayu yosh, barchamiz birgalikda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida keng nishonlamoqdamiz.
Mahallalarda mehnat jamoalarida, Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab, marifiy uchrashuvlar ochiq muloqot va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ko‘rsatilayotgan otalarcha g‘amxo‘rlik va yaratib berayotgan imkoniyatlari natijasida, bugun tumanimiz keng qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylanmoqda.
Qisqa muddatda 201 km ichki yo‘llar asfaltlandi va bu jarayonlar jadal davom etmoqda. Yil yakuniga qadar esa asfalt bo‘lmagan ko‘chalar qolmaydi. Albatta, buni tarixiy voqea, deb bemalol ayta olamiz. Qolaversa, Arbag‘ish mahallasidan xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda 52 km ichimlik suvi quvurlari tortish ishlari jadal davom etmoqda. Bu loyihaning yakunlanishi natijasida aholimizning uzluksiz toza ichimlik suviga bo‘lgan talabi to‘liq qondiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–132-sonli qarori asosida tumanimizga
70 mlrd.so‘m ajratildi. Bu mablag‘ hisobidan turizm zonasi
master-rejasi ishlab chiqildi, Katta Namangan kanali sohillari betonlanmoqda, aholi uchun dam olish maskanlari barpo etilmoqda. Shu bilan birga, Beshkapa kichik sanoat zonasi yo‘l infratuzilmasi yaxshilandi, tuman markazidagi yirik ko‘chalarda suv va kanalizatsiya tarmoqlari to‘liq yangilanmoqda.
Bayram arafasida Laskidon va Yuksalish mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan 24 hamda 30 sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Aziz do‘stlar!
Tumanimizda tibbiyot sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda va buni alohida e’tirof etmoqchiman.
Birgina joriy yilning o‘zida sohaga 10 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Buning natijasida mavjud 21 ta oilaviy poliklinika zamonaviy qiyofa kasb etdi. Tuman markaziy poliklinikasiga 200 dan ziyod zamonaviy tibbiy diagnostika uskunalari o‘rnatilmoqda. Endi aholimiz murakkab tashxislar uchun viloyat markaziga yoki poytaxtga bormaydi, tumandayoq sifatli tibbiy xizmat oladi.
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Shu o‘rinda tumanimiz yoshlari tomonidan qo‘lga kiritilayotgan va erishilayotgan marralarni e’tirof etishni joiz deb bilaman.
Joriy yilda 209 nafar xorijiy til o‘qituvchilari milliy va xorijiy sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar.
201 nafar bitiruvchilar
IELTS, 178 nafar bitiruvchi milliy sertifikat sohibiga aylandi.
Ayniqsa Chortoq ixtisoslashtirilgan maktabi 7-sinf o‘quvchisi Zulayxo Odiljanova IELTS dan 7,5 ball natijaga erishib, viloyatda tengsiz ko‘rsatkich qayd etdi. Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari ham yil sayin o‘smoqda.
Agar 2020–2021 o‘quv yilida 28 foiz bitiruvchi oliy ta’limga qabul qilingan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilida 2.883 nafar bitiruvchidan 1.182 nafari (41 foiz) davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Shuningdek,
286 nafar bitiruvchi xorij va yurtimizning nufuzli universitetlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilindi.
Bu ham bo‘lsa yurtimizdagi ta’lim islohotlarining, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, qolaversa, mustaqillik ne’matlarining amaldagi ifodasidir.
Yoshlarimiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun tumanimizda yangi sport maydonlari, madaniy markazlar qurilmoqda. Joriy yilda Oq terak mahallasida 1,8 mlrd.so‘m mablag‘ asosida zamonaviy mini futbol maydoni qurilib, bayram arafasida yoshlarimizga foydalanishiga topshiriladi. Qolaversa, Chortoq sport maktabida turli sport seksiyalari yangidan qurilib, mavjudlari zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Albatta, bu kabi ishlar yoshlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari va bu orqali yuksak marralarni zabt etishlarida bosh manba bo‘lib xizmat qiladi.
Aziz hamyurtlar!
Hech shubhasizki, mustaqillikning eng katta yutuqlaridan biri — yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilganidir. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonlaridan tadbirkorlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Buning yorqin namunasi sifatida tumanimizdagi “Chartak Mineral Water” MCHJ ta’sischisi Abdurayimov Bahodir Tursunovichning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganini ulkan faxr bilan ta’kidlash mumkin.
Bu – mustaqillik sharofati bilan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning yorqin ifodasidir.
Barchangizni nomingizdan yuksak mukofot sohibi Boxodir Tursunovich Abduraimovni yana bir bor tabriklashga ijozat bergaysizlar.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu ulug‘ ayyomda yana bir bor barchangizni chin dildan tabriklayman. Xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, sog‘lik-salomatlik, dasturxon-laringizga baraka tilayman.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Bayramingiz muborak, aziz yurtdoshlar!

