Chirchiq shahrida “Aqlli shahar” tizimi joriy etiladi
2025-11-01 17:45:00 / Yangiliklar

Chirchiq shahrida “Aqlli shahar” tizimi joriy etiladi
Joriy yilning 21-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish va ularni davlat boshqaruvi hamda ijtimoiy sohalarga keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, 1-noyabr kuni Chirchiq shahar hokimi M.Abduraximov va shahar hokimi o‘rinbosari A.Ermetovlar Xorazm viloyati Urganch shahriga tashrif buyurib, u yerda sun’iy intellekt asosida yo‘lga qo‘yilgan “Aqlli shahar” loyihasi faoliyati bilan tanishdilar.
Tashrif davomida rahbarlar mazkur tizimning boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yaxshilash, kommunal sohada yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashdilar.
Ma’lum qilinishicha, “Aqlli shahar” tizimini Chirchiq shahrida bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha 2026-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushiriladi.
Tizim 24/7 rejimida faoliyat yuritadi va aholining murojaatlarini real vaqt rejimida qabul qilish, kommunal sohaga oid muammolarni aniqlash va ularni tezkor bartaraf etish imkonini beradi. Shuningdek, sun’iy intellekt vositasida shahar infratuzilmasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus Chirchiq shahrida zamonaviy, qulay va samarali boshqaruv modelini shakllantirish, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgan.
