RAQAMLAR QORADA EMAS, OQ BILAN YOZILSIN
2026-11-06 10:10:00 / Yangiliklar

RAQAMLAR QORADA EMAS, OQ BILAN YOZILSIN
(Çirçiqda hal etilişi kerak bölgan muammolar tanqidiy tahlil qilindi)
Joriy yilning 3-noyabr kuni şahrimizdagi «Kimyogarlar» madaniyat saroyida Toşkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida şaharning 2026-yil töqqiz oyidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlaniş natijalari, investisiyalarni jalb etiş, eksport salohiyatini oşiriş, aholi bandligini ta’minlaş, kuz-qiş mavsumiga tayyorgarlik hamda mahallalardagi mavjud muammolarga bağişlangan tanqidiy yiğiliş bölib ötdi.
Viloyat va şahar boşqarma, bölim hamda taşkilotlar rahbarlari, faollar, mahalla yettiligi, ta’lim, soğliqni saqlaş muassasalari mas’ullari iştirokidagi muloqotda keltirilgan tahliliy ma’lumotlar Çirçiqda muayyan iqtisodiy ösişga erişilganini körsatdi. Biroq umumiy körsatkiçlar ortida hali yeçimini kutayotgan qator masalalar, ayrim sohalardagi sustkaşlik, işlarning qoğozda bajarilgani bilan amaldagi natijalar örtasidagi tafovutlar ham borligi oçiq-oydin namoyon böldi.
Muhokamalarda şaharning har bir mahallasidagi holat alohida körib çiqilib, mas’ul rahbarlar oldiga aniq vazifalar qöyildi.
2026-yilning töqqiz oyida Çirçiq şahrida sanoat mahsulotlari işlab çiqariş hajmi 16,9 trillion sömni taşkil etib, ötgan yilning mos davriga nisbatan 112,8 foizga ösgan. Belgilangan prognoz körsatkiçi esa 111,6 foiz bölgan. Demak, umumiy natija rejadan yuqori.
Biroq, bu raqamlar barça sanoat korxonalarida birdek ijobiy holat kuzatilganini anglatmaydi. Aksinça, ötgan yilning mos davriga nisbatan törtta korxona mahsulot işlab çiqariş hajmini jami 278,9 milliard sömga kamaytirgan. – Iqtisodiy ösiş bor, ammo barça korxonalarda emas, – dedi viloyat hokimi, – Jumladan, «Özbekkimyomaş» AJda 142,4 milliard söm, «Uztex Group» MÇJda 85,2 milliard söm, «Kompakt tekstil» MÇJda 39,5 milliard söm, «Orzu-TEKS» MÇJda esa 11,9 milliard sömlik pasayiş qayd etilgan.
Xizmatlar sohasida ham umumiy ösiş mavjud. Hisobot davrida xizmatlar hajmi 3,8 trillion sömga yetgan va ötgan yilga nisbatan 118,1 foizni taşkil etgan. Prognoz körsatkiçi 114,3 foiz bölganini hisobga olsak, bu borada ijobiy natija bor. Şunga qaramay, önta korxonada xizmatlar hajmi jami 34,5 milliard sömga kamaygan.
Ular orasida «Poytaxt ğoya taom» MÇJda 13,3 milliard söm, «Mem tadqiqot» MÇJda 9,9 milliard söm, Özbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 8,6 milliard sömlik pasayiş kuzatilgan.
Şuningdek, şaharda röyxatga olingan 3 821 ta kiçik biznes sub’yektining 871 tasi, ya’ni 22,8 foizi amalda faoliyat yuritmayotgani tadbirkorlik muhitidagi jiddiy muammolardan biri sifatida qayd etildi.
Asosiy kapitalga investisiyalar 4 trillion sömni, quriliş işlari 2 trillion sömni, eksport hajmi esa 406 million AQŞ dollarini taşkil etgan. Biroq, çakana savdo sohasida ham sakkizta korxona hajmni 26,1 milliard sömga kamaytirgan.
Bu raqamlar iqtisodiy ösişni ta’minlaş bilan birga, faoliyati susaygan korxonalarni tiklaş, tadbirkorlarni qöllab-quvvatlaş va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalaniş zarurligini körsatmoqda.
QIŞ EŞIK QOQMOQDA
Çirçiqda kuz-qiş mavsumiga tayyorgarlik masalasi yiğilişning eng muhim yönalişlaridan biri böldi. Şaharda 972 ta köp qavatli uy mavjud bölib, ularda 41 506 ta xonadon joylaşgan. Uylarning 944 tasi boşqaruv servis kompaniyalari, 12 tasi aholi boşqaruvida, 16 tasi esa umuman boşqaruvsiz qolgan.
Şahardagi jami 51 937 ta xonadonning qariyb 80 foizi köp qavatli uylarda joylaşganini hisobga olsak, uşbu binolarning texnik holati va mavsumga tayyorligi bevosita aholining kundalik turmuşiga ta’sir körsatadi.
Ammo töqqiz oy davomida boşqaruv servis kompaniyalari faoliyati, köp qavatli uylarni saqlaş va ta’mirlaş masalalari böyiça 210 ta murojaat kelib tuşgan. Murojaatlar soni böyiça eng yomon körsatkiç «Tinçlik» (26 ta), «Kamolot» (19 ta), «Nur» (16 ta) va «Semurğ» (13 ta) mahallalarida ekanligi tanqid qilindi.
Kuz-qiş mavsumiga tayyorgarlik doirasida 158 ta uy dasturga kiritilgan bölsa-da, ularning 97 tasida işlar yakunlangan, 61 tasida esa belgilangan işlar oxiriga yetkazilmagan.
Qiş mavsumi boşlanişi arafasida bunday keçikişlarni oddiy kamçilik sifatida baholab bölmaydi. Çunki har bir keçiktirilgan iş ortida aholining qulayligi va xavfsizligi bilan boğliq masala turibdi.
JADVAL BOR, IJRO QANI?
Şaharda sanitariya tozalaş işlari «Zangiota Obodon» korxonasi tomonidan amalga oşirilmoqda. Hududlarga xizmat körsatiş böyiça reja-jadval tasdiqlangan bölsa-da, unga amalda rioya etilmayotgani tanqid qilindi.
Misol uçun, Mir Alişer mahallasidagi «Temiryölçilar» köçasida çiqindilar 10–15 kunda bir marta olib çiqilmoqda. Bu esa belgilangan sanitariya talablari va aholining e’tirozlariga sabab böladigan holatdir. Bundan taşqari, şahar böylab 35 ta çiqindi yiğiş şoxobçasi yetişmasligi oqibatida çiqindilar belgilanmagan joylarga taşlanmoqda.
– Demak, masala faqat çiqindi taşuvçi korxona faoliyati bilan çeklanmaydi. Çiqindi yiğiş infratuzilmasini kengaytiriş, taşiş grafigiga qat’iy amal qiliş va hududlarda doimiy nazoratni yölga qöyiş talab etiladi, – dedi viloyat hokimi
Şaharda kommunal xizmatlar böyiça aholining debitor qarzdorligi 12,3 milliard sömni taşkil etmoqda. Şundan 8,2 milliard söm yoki 67 foizi boşqaruv servis kompaniyalari va şirkatlar, 2,5 milliard söm yoki 20 foizi tabiiy gaz, 1,5 milliard söm yoki 12 foizi içimlik suvi hissasiga töğri keladi. Elektr energiyasi böyiça qarzdorlik esa 131 million sömni taşkil etgan.
Qarzdorlikning 31 foizi oltita mahalla hissasiga töğri keladi. Jumladan, «Madaniyat»da 874 million, «Nur»da 821 million, «Tinçlik»da 601 million, «Yoşlik»da 524 million, Mirzo Uluğbekda 507 million va «Şodlik»da 469 million söm qarz mavjud.
Şahar böyiça bir xonadonga töğri keladigan kommunal qarzdorlik örtaça 236 ming söm bölsa, ayrim mahallalarda bu körsatkiç ikki baravardan ham yuqori. Masalan, «Nur» mahallasida 552 ming, Mirzo Ğolibda 502 ming, «Yoşlik»da 498 ming va «Madaniyat»da 489 ming söm qarzdorlik mavjud ekanligi tanqid qilindi.
Qarzdorlikni kamaytirişda aholi bilan manzilli işlaş, kommunal xizmatlar sifatiga e’tibor qaratiş va hisob-kitob-
larning şaffofligini ta’minlaş muhim.
ELEKTR TA’MINOTI VA QUYOŞ ENERGIYASI: IMKONIYATLARDAN QANÇALIK FOYDALANILMOQDA?
Elektr ta’minotidagi uzilişlar, kuçlanişning pastligi va transformator punktlarini ta’mirlaş bilan boğliq masalalar yuzasidan 148 ta murojaat kelib tuşgan. Ularning atigi 74 tasi, ya’ni 50 foizi ijobiy hal etilgan.
«Quyoş» energiyasidan foydalaniş borasida ham hududlar örtasida sezilarli tafovut borligiga notiq alohida urğu berdi.
Xonadonlarga umumiy quvvati 1 858 kVt bölgan quyoş panellari örnatilgan. Ular tomonidan 3,6 million kVt·soat elektr energiyasi işlab çiqarilgan. Biroq işlab çiqarilgan energiyaning atigi 37,5 foizi davlatga sotilgan.
Yettita mahallada – «Semurğ», «Adolat», Amir Temur, «Quyoş», «Tinçlik», «Turon» va «Ğalaba»da birorta ham quyoş paneli örnatilmagan. Vohid Haydarov va «Çinor» mahallalarida esa panellar örnatilgan bölsa-da, davlatga bir kilovatt-soat ham elektr energiyasi sotilmagan.
«Guliston»da işlab çiqarilgan elektr energiyasini davlatga sotiş uluşi 10 foiz, «Iqbol»da 15 foiz, «Ma’rifat» va «Işonç» mahallalarida esa 19 foizni taşkil etgan.
Bu yönalişda aholi örtasida tuşuntiriş işlarini kuçaytiriş, quyoş panellarining imkoniyatlarini töliq işga soliş va elektr energiyasini sotiş mexanizmlaridan samarali foydalaniş zarurligiga
urğu berildi.
TA’MIRGA MUHTOJ YÖLLAR
Çirçiq şahridagi içki yöllarning umumiy uzunligi 286,3 kilometrni taşkil etadi. Şundan 27,6 kilometri yoki 9,6 foizi ta’mirtalab holatda.
«Birlik» mahallasida içki yöllarning 34 foizi, «Madaniyat»da 33 foizi, «Döstlik»da 29 foizi, Haydar Maqsudovda 28 foizi, Mir Alişerda 25 foizi va «Bahor»da 22 foizi ta’mirga muhtoj.
«Yangi Özbekiston» massivida ham quriliş işlarining belgilangan sur’atda olib borilmayotgani qayd etildi.
Şaharda 493 xonadonli oltita uyni foydalanişga topşiriş rejalaştirilgan. Amalda esa 217 xonadonli ikkita uy topşirilgan. Bu belgilangan rejaning 44 foizini taşkil etadi.
«Me’mor Ötkir» MÇJ tomonidan qurilgan 42 xonadonli uy Quriliş nazorat inspeksiyasidan röyxatdan ötmagani sababli foydalanişga topşirilmagan. «Azimut Mig» MÇJning 42 xonadonli uyida içki pardozlaş va kommunikatsiya işlari yakunlanmagan.
«Master texnik» MÇJ hamda «Vizdom Xill» MÇJga tegişli 192 xonadonli ikkita uyda içki va taşqi pardozlaş işlari 85 foizga bajarilgan, liftlarni örnatiş işlari tugallanmagan.
Massivdagi 2,8 kilometr içki yöl qurilişining 1,2 kilometri yoki 42 foizi bajarilgan, xalos. 0,8 kilometr içimlik va oqova suv tarmoqlarini tortiş işlari umuman boşlanmagan. Elektr tarmoqlarini tortiş rejasi 70 foizga bajarilgan.
Yangi uylarni barpo etiş bilan birga, ularga tutaş infratuzilmani ham öz vaqtida yakunlaş talab etiladi. Aks holda, foydalanişga topşirilgan uylarda ham aholi bir qator maişiy muammolarga duç kelişi mumkin, deya uqtirdi viloyat hokimi.
2026 yil bahor mavsumida Çirçiq şahrida 78,7 ming tup köçat ekilgan. Ularning asosiy qismi taşkilotlar hissasiga töğri keladi. Jumladan, Mudofaa bölimi 24,8 ming, şahar obodonlaştiriş boşqarmasi 13,1 ming, «Maxam-Çirçiq» AJ esa 8,2 ming tup köçat ekkan.
Bundan taşqari, köçat ekiş rejasining barça mahallalarga aholi soni va hudud maydonidan qat’iy nazar bir xil – 285 tupdan belgilangani ham tanqidiy baholandi.
Obodonlaştiriş işlarida har bir mahallaning öziga xos şaroiti, hududi, aholi ziçligi va yaşil maydonlarga bölgan ehtiyojini hisobga oliş lozimligi ta’kidlandi.
ANIQ NATIJA ZARUR
Şaharda işsizlik darajasi 3,8 foizni taşkil etib, 2 822 nafar fuqaro işsiz sifatida qayd etilgan. Ularning 1 636 nafari yoki 56 foizi xotin-qizlardir. «Turon», «Kamolot», «Iftixor» va «Muruvvat» mahallalarida işsizlik darajasi 4,3 foizga yetgan.
Doimiy iş örinlari yaratiş böyiça reja 106,1 foizga bajarilgan. Biroq 11 734 nafar fuqaroning özini özi band qilganlar sifatida qayd etilgani, ular soni doimiy iş örinlari körsatkiçidan 2,8 baravar köpligi bandlikning barqarorligi masalasiga jiddiy e’tibor qaratişni talab etadi.
Tahlilda özini özi band qilgan fuqarolar faoliyatini xatlovdan ötkaziş, ularning haqiqiy bandlik holatini örganiş va kelgusida tadbirkorlik sub’yektlariga, xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlik şakliga ötişini rağbatlantiriş zarurligi körsatildi.
Töqqiz oy davomida 28 839 nafar aholining bandligi ta’minlangan. Bu rejaning 124 foizini taşkil etadi. Jumladan, 4 264 nafar fuqaro doimiy işga joylaştirilgan, 5 544 nafar şaxsning faoliyati rasmiylaştirilgan va 19 031 nafar fuqaroning daromadi oşirilgan.
Şu bilan birga, quriliş sohasida doimiy işga joylaştiriş rejasi 80,5 foizga bajarilgan.
Eng muhimi, yaratilgan doimiy iş örinlarining 1 767 tasi yoki 29,3 foizi soliq bazasida öz tasdiğini topmagan.
Bu esa hisobotlarda keltirilgan bandlik raqamlarini haqiqiy iş örinlari va rasmiy daromad manbalari bilan soliştirib boriş zarurligini körsatadi.
Ayni paytda şaharda 39 ta mahallaning 23 tasi kambağallik va işsizlikdan xoli hududga aylangan. Yil yakuniga qadar barça mahallalarda bu natijaga erişiş vazifasi belgilangan.
Biroq kambağallik darajasi şahar böyiça 3,1 foizni taşkil etgani holda, «Humo» va «Semurğ» mahallalarida 6,2 foiz, «Turon»da 6,1 foiz, «Nur»da 5,8 foiz, «Umid»da 5,3 foiz va «Iftixor»da 4,9 foiz bölib qolmoqda.
Mahallalardagi ehtiyojmand oilalar bilan işlaşda ham kamçiliklar aniqlangan. Davlat ta’minotidagi 215 ta oilaga 43 nafar rahbar biriktirilgan. Ammo oktyabr oyida ularning 67 foiziga taşrif buyurilgan, 53 ta oila holidan xabar olinmagan.
Xonadonlar xatlovi natijasida 6,8 ming nafar fuqaroning ehtiyoji aniqlangan bölsa, şundan 3 478 nafari yoki 51 foizining muammosi hal etilgan. Qolgan ehtiyojlar orasida 1 161 nafar fuqaroni işga joylaştiriş, 275 nafarini tadbirkorlikka jalb qiliş, 1 665 nafarining faoliyatini rasmiylaştiriş va 235 nafarini mehnatga jalb etiş masalalari bor.
Bu raqamlar ehtiyojni aniqlaşning özi yetarli emasligini, har bir murojaat va muammoning yakuniy yeçimigaça boriş kerakligini körsatadi.
IMKONIYATDAN FOYDALANIŞ BIRDEK EMAS
Şaharda 70 milliard sömlik 330 ta mikroloyiha taşkil etilgan. Bu rejaning 107 foizini taşkil etadi.
Natijada, 1 768 nafar fuqaroning daromadi oşirilgan, biroq belgilangan natija 94 foiz darajasida qolgan.
Amir Temur, «Madaniyat», «Navröz», «Kamolot», «Tinçlik» va «Turon» mahallalarida mikroloyihalar rejasi bajarilmagan.
Törtta dastur böyiça kredit ajratiş rejasi 155,5 milliard söm bölgani holda, amalda 169,9 milliard söm kredit ajratilgan. Bu 109,2 foizlik natijadir. Biroq 20 ta mahallada kredit rejasi
bajarilmagan.
Ayniqsa, «Baxt» mahallasida kredit rejasi 25 foiz, «Kamolot»da 31 foiz, «Ğalaba»da 32 foiz, Mir Alişerda 37 foiz va «Şarq»da 40 foiz darajasida qolib ketdi.
«Oilaviy tadbirkorlik» dasturi 75 foizga bajarilgan bölsa-da, 13 ta mahallada reja ijrosi ta’minlanmagan. Bu körsatkiç «Adolat»da 43 foizga, «Turon»da 44 foizga va «Quyoş» mahallasida 47 foizga töğri keladi.
«Kiçik biznesni uzluksizligini qöllab-quvvatlaş» dasturi böyiça «Madaniyat», «Şarq» va «Ğalaba» mahallalariga umuman kredit ajratilmagan.
«Mahalla loyihasi» dasturida 20 ta mahallada reja bajarilmagan. «Ğalaba»da 20 foiz, «Ma’rifat»da 21 foiz, «Kamolot»da 22 foiz va Mir Alişerda 24 foiz natija qayd etilgan. «Adolat» mahallasi uçun esa reja umuman belgilanmagan.
«Biznesga birinçi qadam» dasturi şahar böyiça 121,5 foiz bajarilgan bölsa-da, 14 ta mahallada reja ijrosi ta’minlanmagan. «Baxt»da bu körsatkiç 19 foizni taşkil etgan.
Investisiya yönalişida 2024–2026 yillarda 108 ta loyiha amalga oşirilib, 4,5 trillion söm mablağ özlaştirilgan va 6 727 ta iş örni yaratilgan.
Biroq loyihalarning 43,5 foizi hamda özlaştirilgan mablağlarning 54,5 foizi atigi uçta mahallaga töğri keladi.
Haydar Maqsudov mahallasida 22 ta, «Kimyogar»da 14 ta, Hamzada 11 ta loyiha amalga oşirilgan. Özlaştirilgan mablağlar hajmi «Birlik» mahallasida 926 milliard, Haydar Maqsudovda 845 milliard va «Kimyogar»da 697 milliard sömni taşkil etgan.
Şu bilan birga, 16 ta mahallada birorta ham investisiya loyihasi mavjud emas.
Yana bir muhim kamçilik: 2024–2026 yillarda auksion orqali sotilgan 19 ta yer uçastkasi, umumiy maydoni 6,9 gektar bölganiga qaramay, ularning birortasida ham işga tuşirilgan loyiha yoki yangi iş örni qayd etilmagan.
Bu yerda asosiy vazifa yer uçastkalarini sotiş bilan çeklanmasdan, ularda tadbirkorlik loyihalarining amalga oşirilişini ta’minlaşdan iborat.
IJTIMOIY SOHA SAMARASI QANDAY?
Şaharda maktabgaça ta’lim taşkilotlari soni 71 tani taşkil etadi. Ularning 31 tasi davlat, 18 tasi xususiy va 1 tasi davlat-xususiy şeriklik asosida, 23 ta oilaviy nodavlat maktabgaça ta’lim taşkilotlaridir. Umumiy siğim 11 206 örindan iborat.
3–7 yoşli 11 321 nafar bolaning 9 951 nafari yoki 87,9 foizi maktabgaça ta’lim bilan qamrab olingan. Boğçalarning tölalik darajasi 87,2 foizni taşkil etmoqda. Ayni paytda 1 135 ta böş örin mavjud bölib, 208 nafar bola navbatda turibdi.
Şahardagi 4-DMTTda qamrov 80 foizni taşkil etib, hozirgi kunda qamrovni oşiriş çoralari körilmoqda. Şu bilan birga, «Kimyogar» mahallasida 387 nafar boğça yoşidagi bola istiqomat qilib, uşbu hududda DMTT quriş ehtiyoji mavjud. Şuningdek, «Şarq» mahallasida bolalarning maktabgaça ta’lim bilan qamrovi 58 foiz bölib, uşbu hududda ham DMTT quriş ehtiyoji mavjud.
Yiğilişda yangi boğçalar quriş masalasini hal etiş bilan birga, mavjud quvvatlarni mahallalar ehtiyojiga mos ravişda taqsimlaş, xususiy boğçalar imkoniyatlaridan foydalaniş ham muhim ahamiyatga ega ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.
Maktab ta’limida ham öquv yuklamasining noteng taqsimlangani kuzatilmoqda. Şahardagi 25 ta davlat maktabida 30 317 nafar öquvçi tahsil oladi. Oltita maktabda öquvçilar soni mavjud siğimidan ortiq ekanligi, ya’ni koeffisenti 1,4–1,8. Xususan, 14-maktabda 1,8,13- va 3-maktablarda 1,6,10, 7- va 20-maktablarda koeffisenti 1,4 taşkil etadi. Aksinça, 19-maktabda 0,5, 26-maktabda 0,5, 22-maktabda 0,7 darajasida.
Pedagoglar malakasi borasida ham e’tibor qaratiş zarur bölgan jihatlar mavjud. Şahardagi 1 856 nafar pedagogning 285 nafari yoki 15,4 foizi oliy toifaga ega. Viloyat böyiça örtaça körsatkiç 18,6 foiz ekanliga e’tiborga olinsa, masala yanada oydinlaşadi.
22-maktabda birorta ham oliy toifali pedagog yöq. Oliy toifali pedagog 19-maktabda 6,4 foizni, 2-maktabda 6,6 foizni taşkil etadi.
Maktab bitiruvçilarining oliy ta’limga kiriş körsatkiçi böyiça 22-maktab faoliyati tanqid qilindi.
Tibbiyot sohasida şaharda 296 nafar şifokor faoliyat yuritadi. Ularning 112 nafari yoki 37,8 foizi oliy toifali, 77 nafari yoki 26 foizi toifasiz. Örta tibbiyot xodimlarining 678 nafaridan 264 nafari, ya’ni 38,9 foizi ham toifaga ega emas.
Tibbiyot muassasalarida 82 ta şifokorlik örni vakant. Jumladan, Ruhiy kasalliklar şifoxonasida 18 ta, 2-sonli oilaviy poliklinikada 16 ta va 1-sonli oilaviy poliklinikada 10 ta şifokorlik örni böş.
Bu holat tibbiy kadrlarni jalb etiş, mavjud mutaxassislarning malakasini oşiriş va aholiga körsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxşilaş böyi-
ça aniq çoralar zarurligini körsatadi.
YOŞLAR VA XOTIN-QIZLAR MUAMMOLARI
2026 yilda 2 429 nafar bitiruvçidan 1 368 nafari yoki 56,3 foizi oliy ta’lim muassasalariga öqişga kirgan. Bu viloyatning 58,3 foizlik körsatkiçidan ança past.
Mahallalar kesimida eng past natijalar «Navröz»da 27 foiz, «Kamolot»da 33 foiz, Hamza va Amir Temurda 34 foiz, «Ğalaba»da 35 foizni taşkil etgan.
Yoşlar örtasida 62 ta jinoyat sodir etilgan bölib, bu şaharda qayd etilgan jami jinoyatlarning 27 foiziga teng. Uşbu jinoyatlarning 16 foizi bitta – «Adolat» mahallasi hissasiga töğri keladi. Mazkur mahallada 10 ta, «Şodlik»da 7 ta, «Yoşlik» va «Baxt»da 4 tadan jinoyat qayd etilgan.
Bundan taşqari, 16 ta mahallada yoşlar uçun workout maydonçalari mavjud emas. Coworking markazi esa faqat «Adolat» mahallasida taşkil etilgan.
Oilaviy ajrimlar soni 272 tadan 250 taga kamaygan bölsa-da, önta mahallada bu körsatkiç oşgan. «Turon»da 12 ta, «Kamolot» va «Tinçlik»da 11 tadan, «Quyoş» va «Ma’rifat»da 9 tadan ajrim qayd etilgan.
Eng açinarlisi, ajrimlar oqibatida 176 nafar bola ota yoki ona qaramoğidan mahrum bölgan.
Bu raqamlar yoşlar bilan manzilli işlaş, ularning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş, sport va ta’lim imkoniyatlarini kengaytiriş, oilalarda soğlom muhitni mustahkamlaş borasidagi çora-tadbirlarni kuçaytiriş zarurligini anglatadi, dedi Zoyir Mirzayev.
Hisobot davrida qayd etilgan jinoyatlarning 47 foizini oldini oliş mumkin edi.
Ularning tarkibida giyohvandlik, öğrilik, oilaviy zöravonliklar bor.
«Adolat» mahallasida qayd etilgan jinoyatlar şahar örtaça körsatkiçidan 3,2 baravar yuqori. Bu borada profilaktika işlarini kuçaytiriş, xavf yuqori bölgan mahallalarda huquqbuzarliklarning sabab va omillarini çuqur örganiş, yoşlar bilan individual işlaş zarurligi uqtirildi.
Yiğilişda fuqarolar murojaatlari bilan işlaşdagi kamçiliklar ham jiddiy tanqid qilindi.
Ön oy davomida şahar aholisidan jami 5 536 ta murojaat kelib tuşgan. Ularning 441 tasi yoki 7 foizi takroriy, 38 tasi jamoaviy
murojaatlardir.
Murojaatlar soni «Nur» mahallasida 245 ta, «Şodlik»da 237 ta, «Tinçlik»da 224 ta va «Adolat»da 186 tani taşkil etgan.
Murojaatlar bilan işlaşdagi eng asosiy talab bu fuqaroning muammosini bartaraf etiş tamoyiliga qat’iy amal qiliş lozimligini viloyat hokimi qat’iy ta’kidlab ötdi.
KIM ILĞOR, KIM ORQADA?
Yiğilişda iqtisodiyot va bandlik, ijtimoiy soha, huquq-tartibot va murojaatlar, infratuzilma yönalişlarini qamrab olgan 24 ta körsatkiç asosida 39 ta mahallaning reytingi şakllantirilgani ma’lum qilindi.
Natijalarga köra, 4 ta mahalla «a’lo», 30 tasi «yaxşi», 5 tasi esa «qoniqarli» baholangan. Şahar böyiça örtaça körsatkiç 80,5 ballni taşkil etgan.
Eng yuqori natijalar «Kim-yogar» mahallasida 90,5 ball, «Gulzor»da 90,2 ball, «Iqbol»da 87,8 ball, «Muruvvat»da 85,1 ballni taşkil etgan.
Reytingning quyi qismidan «Nur», «Yoşlik», Amir Temur mahallalari joy olgan.
Uşbu mahallalardagi muammolar bir-biridan farq qiladi. Masalan, «Nur»da murojaatlar har ming aholiga 67 tani taşkil etadi, kommunal qarzdorlik yuqori, kambağallik darajasi 5,8 foiz bölib qolmoqda.
Amir Temurda kasbga öqitilganlarni işga joylaştiriş körsatkiçi 76,5 foiz bölib, eng past natija qayd etilgan. Oliy ta’limga kiriş 34 foiz, mikroloyihalar orqali iş örinlari yaratiş 57 foiz darajasida qolgan.
«Turon»da kambağallik darajasi 6,1 foiz, mikroloyihalar böyiça iş örinlari körsatkiçi 41 foiz, kredit rejasi esa 66 foizni taşkil etgan.
«Baxt» mahallasida kredit rejasi 25 foiz, «Biznesga birinçi qadam» dasturi 19 foiz va mikroloyihalar orqali iş örinlari yaratiş 38 foiz darajasida bajarilgan.
Mahalla yettiligi faoliyati ham alohida baholangan. Eng past natijalar hokim yordamçilarida 64 ball, ijtimoiy xodimlarda 66 ball va soliq inspektorlarida 68 ballni taşkil etgan.
Bu körsatkiçlar mahallalardagi işlarni taşkil etişda har bir mas’ulning şaxsiy javobgarligini oşiriş, natijadorlikni kuçaytiriş va muammolarni manzilli hal etiş zarurligini körsatadi.
Yiğilişda 2026 yil yakuniga qadar erişilişi lozim bölgan ustuvor körsatkiçlar ham belgilab olindi.
Uşbu vazifalarning ijrosi iqtisodiy körsatkiçlar bilan bir qatorda aholi turmuşidagi özgarişlarda ham namoyon bölişi kerakligiga urğu berildi..
Yiğilişdagi tanqidiy tahlil şahardagi mavjud imkoniyatlar va hali işga solinmagan zaxiralar mavjudligini yaqqol körsatdi. Bir tomonda sanoat, investisiya, quriliş va xizmatlar sohasidagi ösiş raqamlari bölsa, ikkinçi tomonda ta’mirtalab uylar, yakunlanmagan infratuzilma ob’yektlari, faoliyatsiz tadbirkorlik sub’yektlari, işga joylaştirilmagan fuqarolar, böş turgan boğça örinlari va öz yeçimini kutayotgan murojaatlar bor.
Bu muammolarning har biri tegişli mas’ullardan qat’iy yondaşuv, taşabbus va şaxsiy javobgarlikni talab etadi. Ayniqsa, mahalla yettiligi, tarmoq taşkilotlari rahbarlari va şahar mutasaddilari öz faoliyatini hisobot raqamlari bilan emas, aholi hayotida yuz berayotgan aniq ijobiy özgarişlar bilan baholaşi lozim.
Çunki aholi uçun eng muhim körsatkiç – bu qişda issiq xonadon, öz vaqtida olib çiqilgan çiqindi, ravon yöl, barqaror elektr ta’minoti, farzandi uçun boğçadagi örin, iş bilan ta’minlanganlik va murojaatiga amaliy yeçim topilganidir.
Yil yakuniga qadar belgilangan vazifalar ijrosi har bir rahbar va mas’ulning kundalik faoliyatida ustuvor örin egallaşi kerak. Çirçiqning iqtisodiy salohiyati, aholi farovonligi va şahar qiyofasidagi özgarişlar aynan şu mas’uliyat, qat’iyat va amaliy natijalarga boğliq.
Zero, raqamlar qorada emas, oq böyoqlarda yozilsin.
Iroda MUHAMMADAZIZOVA,
"Çirçiq tongi" gazetasi boş muharriri
