Chirchiqda iqtidorli sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-09-10 18:00:00 / Yangiliklar

Chirchiqda iqtidorli sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Chirchiq shahar sport maktabida payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan shahar hokimi M.Abdurahimov, viloyat Sport boshqarmasi rahbari R.Bobokulov, trener-o‘qituvchilar hamda iqtidorli sportchilar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda 2025–2026-o‘quv yilida sport maktabida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va sportchilar qo‘lga kiritgan natijalar sarhisob qilindi.
Shuningdek, 2026–2027-o‘quv yilida sport maktabi oldida turgan ustuvor vazifalar, sport turlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash, ularning mahoratini oshirish hamda yuqori natijalarga erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida sportchi yoshlar va trener-o‘qituvchilarning taklif hamda fikrlari tinglandi. Kelgusida yoshlar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etish va Chirchiq shahri sporti nufuzini oshirish bo‘yicha rejalar belgilandi.
Tadbir yakunida 2026-yil davomida yuqori natijalarga erishib, shahar, viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etgan sportchilar taqdirlandi.
Yosh sportchilarga kelgusi musobaqalarda omad, yangi marralar va ulkan zafarlar tilandi.
