Chirchiq shahrida yangi o‘quv yiliga start berildi
2026-09-02 09:05:00 / Yangiliklar

Chirchiq shahrida yangi o‘quv yiliga start berildi
Bugun — 2-sentabr kuni Chirchiq shahridagi 25 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi o‘quv yili boshlandi.
Yangi o‘quv yilining ilk kuni munosabati bilan shahar hududidagi barcha darajadagi rahbarlar umumta’lim maktablariga biriktirilib, “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida ishtirok etdilar.
Marosimlarda davlatimiz rahbarining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari hamda ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘quvchi va ustozlar yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etilib, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Jumladan, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abduraximov yangi o‘quv yili arafasida kapital rekonstruksiya qilingan 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati S.Fayziyeva ishtirok etib, o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlangani bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining maxsus tabrigini o‘qib eshittirdi.
Bayram tadbirida ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida shahar hokimligi tomonidan elektron kutubxona tashkil etish uchun 100 million so‘mlik vaucher topshirildi.
Mazkur mablag‘ hisobiga tashkil etiladigan elektron kutubxona o‘quvchilarning zamonaviy axborot va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa yoshlarning kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish, mustaqil bilim olish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ta’lim jarayonini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Yangi o‘quv yilida Chirchiq shahrida 3 ming 331 nafar 1-sinf o‘quvchisi maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ydi. Ularga 12 turdagi o‘quv anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Ilk qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yiliga start berildi.
