Chirchiqda zamonaviy gastronomik ko‘cha tantanali ravishda foydalanishga topshirildi
2026-07-25 18:30:00 / Yangiliklar

Chirchiqda zamonaviy gastronomik ko‘cha tantanali ravishda foydalanishga topshirildi
Bugun Chirchiq shahrida zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilgan, 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan gastronomik Amir Temur shoh ko‘chasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, shahar va tuman hokimlari, tegishli soha rahbarlari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali marosim chinakam bayram ruhida o‘tdi.
Yangi maskan shodon o‘g‘il-qizlarning quvonchli kulgusi, kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va rang-barang sahna dasturlari bilan yanada fayz topdi.
Nuroniylar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va bunyodkorlik ishlarining bardavom bo‘lishini tilab, qo‘llarini duoga ochdilar. Bayramona muhit yig‘ilganlarga unutilmas taassurot va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mazkur loyiha Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Drayver” loyihalari doirasida hayotga tatbiq etildi.U shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining tun-u kun xavfsiz va qulay foydalanishi mumkin bo‘lgan zamonaviy jamoat maskanini barpo etishga qaratilgan.
Loyiha doirasida "Quyosh" va "Kimyogar" mahallalari to‘liq obodonlashtirilib, zamonaviy piyodalar yo‘laklari, bolalar maydonchasi, workout zonasi, quruq favvoralar, dekorativ ariq, lazerli yoritish tizimi, fotozonalar hamda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu maskanda zamonaviy shaharsozlik va qulay infratuzilma uyg‘unlashib, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, loyiha natijasida 10 ta yangi tadbirkorlik subyekti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 332 ta yangi ish o‘rni yaratildi hamda 43 ta savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etildi.
Yangi gastronomik ko‘cha endilikda chirchiqliklar va shahar mehmonlari uchun zamonaviy dam olish, oilaviy sayr qilish va gastronomik xizmatlardan bahramand bo‘lish maskaniga aylanadi.
Eng muhimi, bu bunyodkorlik namunasi Chirchiqning zamonaviy qiyofasini yanada boyitib, shaharning iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
