Chirchiq shahri hokimi Murodjon ABDURAHIMOVning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram TABRIGI
2026-03-08 09:00:00 / Yangiliklar

Chirchiq shahri hokimi Murodjon ABDURAHIMOVning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram TABRIGI
Assalomu alaykum, aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Mana shunday qutlug‘ bahor ayyomida Siz – munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni o‘zlaringiz kabi go‘zal bayram – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Biz Sizning timsolingizda, eng avvalo, turmushimiz latofatini, farzandlarimiz kamolotini, dunyoning mohiyatini ko‘ramiz.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, yosh avlodni tarbiyalashda Sizlarga, Sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz.
Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda Sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganliklarini minnatdorlik bilan e’tirof etish lozim.
U xoh siyosat, xoh ishlab chiqarish, xoh ta’lim-tarbiya bo‘lsin, barchasida Siz azizlarning hissangiz katta.
Chirchiq shahrida bugungi kunda 39 ta mahallada 175 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning salmoqli qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
Ular orasida olima ayollar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, xalqaro musobaqalar g‘oliblari, Osiyo va O‘zbekiston chempionlari borligi bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Aziz opa-singillar!
Davlatimiz rahbari rahnamoligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shahrimizda “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida 5 455 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha manzilli ishlar olib borildi.
Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 3 598 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 150 nafar xotin-qizlarga 1 milliard 603 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, boquvchisi bo‘lmagan 374 nafar xotin-qizlarga 561 million so‘m, nogironligi bo‘lgan yoki tibbiy yordamga muhtoj 583 nafar ayollarga 875 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Qaramog‘ida nogiron farzandi bor 308 nafar ayollarga ham 462 million so‘m moddiy yordam ajratildi.
Bu hali hammasi emas. Uy-joyga muhtoj 287 nafar ayollarga ijara to‘lovlari uchun kompensatsiyalar ajratildi.
Shuningdek, ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun psixologik yordam, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan seminar va treninglar ham tashkil etildi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarning ma’naviy dunyosi va madaniy dam olishini ta’minlash maqsadida turli ziyorat va ma’rifiy sayohatlar ham tashkillashtirib kelinmoqda.
O‘tgan 2025 yilda Oila va xotin-qizlar maskani qurilib, foydalanishga topshirilgani shahrimiz ayollari uchun munosib tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu maskan xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazga aylandi.
Qadrli onaxonlar, munis ayollar!
Bugungi qutlug‘ bayramning fayzli Ramazon oyida nishonlanayotgani uning ezgu ruhi va ma’naviy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Muqaddas dinimizda ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimizga hamisha yaxshilik qilish, ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish, mehr va e’tibor ko‘rsatish eng ulug‘ fazilatlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Sizlarga yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan beqiyos xizmatlaringiz uchun shahrimiz ahli va faollari nomidan chuqur minnatdorchilik bildirishni o‘zimning sharafli burchim deb bilaman.
Barchangizni bahor va nafosat, mehr va go‘zallik bayrami –
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik hamda oilaviy baxt-saodat tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘linglar!
