Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi ishlab chiqarish obyektlaridan birida xorijiy fuqarolarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq tarqalgan xabarlar yuzasidan
2026-09-03 16:00:00 / RASMIY MUNOSABAT

Mazkur xabarlarda keltirilgan holatlarning ochiqligini ta'minlash va jamoatchilikka xolis ma'lumot yetkazish maqsadida inspeksiya xodimlari tomonidan viloyatimizdagi korxonalarda tezkor o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, hududdagi korxonalarda chet el fuqarolarining qonunchilik talablariga zid ravishda jalb etilgani holatlari aniqlanmadi.
Bugungi kunda viloyatimizda aholi bandligini ta'minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va bo‘sh ish o‘rinlariga birinchi navbatda o‘zimizning mahalliy ishchi kuchini, shu jumladan, yetarli mehnat resurslarini jalb etish, fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash masalalari doimo eng ustuvor vazifa sifatida diqqat markazida turibdi. Ko‘rilayotgan manzilli choralar natijasida hududlarda ishsizlik darajasi barqaror ravishda pasayib bormoqda. Jumladan, Bo‘ka tumanida 2021-yilda 9.8% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning 2-choragida 5.2% gacha kamaydi. Piskent tumanida esa bu ko‘rsatkich 2021-yilda 9.9% bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilning 2-choragida 4.7% ni tashkil etdi. Toshkent viloyati bo‘yicha 2026-yil 2-chorak yakuniga ko‘ra 4.5% ga teng bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi va tegishli qonunchiligiga muvofiq, xorijiy fuqarolarning mamlakatimizda mehnat faoliyatini amalga oshirishi qat'iy tartibga solingan bo‘lib, ular belgilangan tartibda rasmiy ruxsatnomaga ega bo‘lishi shart. Davlat mehnat inspeksiyasi mehnat qonunchiligiga rioya etilishini doimiy ravishda qat'iy nazorat ostiga olgan.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan har qanday xabar tarqatishda xolislik tamoyiliga amal qilishlarini, tekshirilmagan ma'lumotlarga tayanmasliklarini so‘raymiz. Boshqarmamiz har qanday konstruktiv muloqot, jamoatchilik nazorati va haqli takliflarga doimo ochiq ekanligini bildiramiz. Agar fuqarolarimizda mehnat munosabatlariga oid aniq faktlar yoki murojaatlar bo‘lsa, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining Davlat mehnat inspeksiyasiga rasman murojaat qilishlari mumkin. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qisqa fursatlarda o‘rganib chiqiladi.
Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Axborot xizmati
🔻Axborot kanallarimizni kuzatib boring🔻
