Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bandlikni ta’minlash: Yangi marralar va yuksak e’tirof
2026-08-24 00:30:00 / Press-relizlar

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yuksak amaliy natijalarini bermoqda. Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yillik bayrami arafasida Toshkent viloyatida Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimi hududda ishbilarmonlik muhitining naqadar yuqori darajada rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining tahlil va ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 62 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti hudud iqtisodiyoti, investitsiyaviy jozibadorligi hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishda asosiy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar, soliq va moliyaviy imtiyozlar, xususan, kredit ta’minotida garov talablarining sezilarli darajada yengillashtirilishi hududlarda tadbirkorlik tashabbuslarini yana-da jadallashtirmoqda.
Tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga, jumladan, xotin-qizlar tashabbuslariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida "ZIYOTRANS" MCHJ ta’sischisi Ziyodaxon Xudoyberdiyevaning faoliyati alohida e’tirof etildi.
“Transport sohasida korxona ochib, nafaqat xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, balki hududda jamoat transporti qatnovini yaxshilash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga o‘z hissamizni qo‘shib kelayotganimizdan faxrlanamiz”, — deydi tadbirkor ayol.
Hozirgi kunda korxonada 200 tagacha doimiy ish o‘rni yaratilib, aholimiz bandligi ta’minlandi. Shuningdek, transport sohasini rivojlantirish yo‘nalishida joriy yilning sentyabr oyida qo‘shimcha 50 ta zamonaviy avtobus olib kelinishi, Chirchiq shahrida esa eng ilg‘or texnologiyalarga asoslangan zamonaviy avtoparkni tashkil etish bo‘yicha yirik investitsion loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur tashabbuslar hududda aholiga sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish dasturlarining ijrosini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hududdagi barcha tashabbuskor tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga va ularning faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirishga doimo tayyorligini bildiradi.
🎥 “Nurafshon TV” va “O‘zbekiston 24” telekanallari lavhalari asosida tayyorlandi.
https://t.me/nurafshontvrasmiy/18897 https://t.me/uzbekistan24_tvnews
Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Axborot xizmati
🔻Axborot kanallarimizni kuzatib boring🔻 Website | Telegram | Facebook | Instagram | Youtube | Bot

