NOQONUNIY ISHDAN BO‘SHATILGAN XODIMNING HUQUQLARI TIKLANDI
2026-11-14 18:10:00 / Yangiliklar
NOQONUNIY ISHDAN BO‘SHATILGAN XODIMNING HUQUQLARI TIKLANDI
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaro Sh.Qurbonovaning murojaati Surxondaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi. O‘tkazilgan o‘rganish davomida Sariosiyo tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan xodim sog‘lig‘idagi muammolar sababli davolanayotgan (uzrli) davrda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilik talablariga zid ravishda bekor qilingani aniqlandi.
⚖️ Xodimning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud qaroriga asosan:
✅ Xodim o‘zining avvalgi lavozimiga ishga tiklandi;
✅ Xodim foydasiga majburiy progul davri uchun 20 237 260 so‘m ish haqi undirilishi belgilandi;
✅ Xodim foydasiga 10 000 000 so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.
📌 Ish beruvchilarga eslatma! Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) davrida bo‘lganda hamda qonunda belgilangan xizmat tekshiruvi va tushuntirish olish tartiblariga rioya etmasdan turib, ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish qonunga zid hisoblanadi.
