Rasmiy munosabat
2026-08-28 16:04:00 / Yangiliklar

🔍Ijtimoiy tarmoqda Sirdaryo viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yurituvchi hokim yordamchilari nomidan ularga KPI to‘lovlari 7 oydan buyon to‘lanmayotganligi bo‘yicha yo‘llangan jamoaviy murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
🔍Joriy yil iyun oyida nazorat organi tomonidan hokim yordamchilariga to‘lanayotgan mukofot pullarining haqqoniyligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, bir qator kamchiliklar aniqlangan.
🔍Ushbu kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan har bir holat batafsil tahlil qilinib, o‘rganib chiqilgan hamda tegishli tuman, shahar hokimlariga aniqlangan kamchiliklarni tezda bartaraf etish, hokim yordamchilarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha to‘lovlarni haqqoniy hisoblanishini nazoratga olish hamda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasiga tegishli talabnomalarni taqdim etish so‘ralgan (Tartibga asosan, hokim yordamchilari faoliyatiga baho berish bo‘yicha ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar javobgar bo‘lib, ushbu baholashda hududiy kambag‘allikni qisqartish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari ishtirok etmaydi).
🔍O‘z navbatida, tuman, shahar hokimliklari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hokim yordamchilarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha to‘lovlarni haqqoniy hisoblanishini ta’minlash hamda kelgusida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, tegishli chora-tadbirlar ko‘rganligi sababli, talabnomalar vaqtinchalik kechikib taqdim etildi.
🔍Bugungi kun holatiga tuman, shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan talabnomalar (may-iyun oylari uchun) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yuborilgan hamda mablag‘ ajratilishi bilan tegishli mablag‘lar hokim yordamchilari hisob raqamlariga moliyalashtirilishi ta’minlanadi.
🔍Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tartibga ko‘ra 1-chorakda hisoblangan mukofot 2-chorakda (aprel, may, iyun oylarida), 2-chorakda hisoblangan mukofot 3-chorakda (iyul, avgust, sentyabr oylarida) to‘lanadi. Shu sababli, yuqoridagi murojaatda 7 oydan buyon mukofot to‘lanmayotganligi to‘g‘risidagi e’tirozlar asossiz bo‘lib, barcha moliyalashtirish jarayonlari hokimliklar taqdim etgan talabnomalarga asosan amalga oshirilishi ta’minlanadi.
🔍Shuningdek, 2-chorak uchun hisoblangan va 3-chorakda to‘lanadigan mukofot pullari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni haqqoniy shakllantirish yuzasidan tuman, shahar hokimliklar tomonidan tegishli hisob-kitoblar asosida talabnomalar tayyorlanmoqda. Sentyabr oyida talabnomalarga asosan moliyalashtirish to‘liq amalga oshiriladi.
