Buxoro tumanida yana bir zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2025-10-10 00:00:00 / Yangiliklar

Bugungi yosh avlod — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir. Shu bois so‘nggi yillarda yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yoshlar salohiyatini oshirish, ularning ta’lim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘lib, aynan shu sohada bolalarning har tomonlama barkamol o‘sishi uchun zamonaviy muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda Buxoro tumanida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 81,8 foizga yetkazildi. Bu esa so‘nggi yillardagi tizimli ishlar samarasi ekanidan dalolat beradi.
Islohotlar davomida bugun Buxoro tumani “Dehcha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 39-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangidan qurilgan binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi Anvarjon Ochilov, mahalla faollari, ota-onalar, maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari va qurilish tashkiloti vakillari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan tuman hokimi Anvarjon Ochilov: “Zamon talablari darajasida barpo etilgan ana shunday ta’lim maskanlari bolalarimizning jismoniy va aqliy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, malakali tarbiyachilarimiz barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining munosib hissasini qo‘shadi,” — deya ta’kidladi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti ilk bor 1976-yilda qurilgan bo‘lib, yillar davomida ta’mirtalab holatga kelgan edi. 2025-yil investitsiya dasturi mablag‘lari hisobidan “Xondamir Qurilish Gold” MCHJ quruvchilari tomonidan 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi, zamonaviy o‘quv binosi barpo etildi. Loyiha uchun 3 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
— “Bolajonlarimiz uchun shunday shinam va qulay bog‘cha barpo etilgani, ertamiz egalari — farzandlarimizga bo‘lgan yurtimiz e’tiborining amaldagi ifodasidir,” — deydi tashkilot mudirasi Soliha Latipova.— “Endi mahallamizda bolalarni har tomonlama rivojlantirish, maktabga tayyorlash uchun barcha sharoitlar mavjud.”
Bugungi kunda Buxoro tumanida jami 135 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 34 tasi davlat, 3 tasi nodavlat, 20 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 78 tasi esa oilaviy bog‘chalar hisoblanadi. Tumanda 3–7 yoshdagi 13 446 nafar bola mavjud bo‘lib, ulardan 10 ming nafardan ortig‘i bog‘chalarga qamrab olingan.









